Samarqanddagi ko‘chaga Rim shahri nomi berildi
Tantanali tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasidagi oliy darajadagi O‘zbekiston-Italiya muzokaralari yakunida xalqaro Kongress-markazida Samarqand shahridagi ko‘chaga Rim shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi yuksak darajasini inobatga olgan holda, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi sifatida qabul qilinganini ta’kidladi.
So‘ngra yetakchilar Samarqand shahridagi Kongress markazida tashkil etilgan «O‘zbekiston va Italiya: sivilizatsiyalar muloqoti» ko‘rgazmasini tomosha qildilar.
Noyob ekspozitsiya ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan. U «Rim va Kushon imperiyalarining savdo munosabatlari», «Birinchi Uyg‘onish davri», «Marko Polo», «Amir Temur», «Mirzo Ulug‘bek» va «Zahiriddin Muhammad Bobur», «XIX asrda O‘zbekistondagi italiyaliklar», «Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklarning Italiyani ozod qilishga qo‘shgan hissasi», «O‘zbekiston va Italiya: madaniy merosni asrash» kabi 9 ta mavzuli bo‘limdan tashkil topgan.
Mehmonlarga Afrosiyobning «Samarqand hukmdori tomonidan elchilarni qabul qilish marosimi» nomli devoriy suratning mashhur italiyalik usta Mauro Pellitsonni tomonidan Florensiya mozaikasi uslubida ishlangan noyob nusxasi namoyish etildi.
Shuningdek, yetakchilar turli tarixiy yodgorliklar, grafik tasvirlar, qo‘lyozma va miniatyuralar, nodir adabiy nashrlar, haykallar, arxiv suratlari va hujjatlari bilan tanishdilar.
Mavzuga oid

08:10
Shavkat Mirziyoyev "Markaziy Osiyo - Italiya" sammitida ishtirok etadi

18:43 / 29.05.2025
Italiya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi

13:55 / 29.05.2025
O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashini e’lon qildi

23:47 / 28.05.2025