O‘zbekiston | 14:45 / 29.05.2025
893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlar asosida tovar belgilari yaratilishi mumkin

2025 yil 28 may kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bosh direktori Daren Tang bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BIMT o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilm-fan va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, ilmiy yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va innovatsion natijalar xususida ma’lumot berildi. Ayniqsa, ilmiy-tadqiqot institutlarining so‘nggi yillardagi faoliyati, tajriba xo‘jaliklari bilan olib borilayotgan amaliy ishlar, seleksiya va agrobiotexnologiyalar yo‘nalishidagi yutuqlar alohida ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish – ya’ni fan yutuqlarini bevosita fermerlar va agrobiznes sub’yektlari faoliyatiga integratsiya qilish mexanizmlari muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Bu borada intellektual mulk obektlarini huquqiy himoya qilish, ularni xalqaro miqyosda ro‘yxatdan o‘tkazish, brend yaratish va global bozorlarda targ‘ib qilish dolzarb masala sifatida qayd etildi.

Tomonlar mahsulotlarni brendlash, marketing strategiyalarini ishlab chiqish, geografik ko‘rsatkichlar asosida tovar belgilarini yaratish hamda bu boradagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘zlashtirish yuzasidan fikr almashdilar. Daren Tang O‘zbekistonning boy agrobiologik resurslari va mintaqaviy mahsulotlarini xalqaro bozorlarda tanitish uchun BIMT tomonidan metodik va texnik yordam ko‘rsatilishini bildirdi.

Shuningdek, agrobiznes vakillarining malakasini oshirish, ularni intellektual mulk, marketing va qadoqlash sohalarida tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, BIMT doirasida qisqa muddatli kurslar va seminarlar tashkil etish, o‘zbek mutaxassislarini zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega qilish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va BIMT o‘rtasida innovatsion sheriklik platformasini yaratish, hamkorlikni institutsional darajada kengaytirish hamda navbatdagi bosqich rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid