O‘zbekiston | 22:33 / 28.05.2025
2644
5 daqiqa o‘qiladi

28 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Surxondaryoda 300 bosh qo‘y jarlikka qulab nobud bo‘ldi, endi yozgi oromgohlar uchun yo‘llanmani onlayn olish mumkin, Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi startaplar uchun grantlar ajratiladi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Surxondaryoda 300 bosh qo‘y jarlikka quladi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida bir otar qo‘y jarlikka qulab nobud bo‘ldi.

Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Shamsher Umedovga ko‘ra, holat 25 may kuni sodir bo‘lgan.

«Bu kabi holatlar oldin ham kuzatilgan. Qo‘y shunday jonzotki, biri jarlikka o‘zini tashlasa, boshqalari ham unga ergashib ketaveradi. Nobud bo‘lgan qo‘ylar soni 300 bosh. Xodimlarimiz, tuman SES vakillari borib sanog‘ini olishgan. Qo‘ylarda biror kasallik bo‘lmagan», — deydi Umedov.

Jarlikdan qulagan qo‘ylar shu joyning o‘zida maxsus dori bilan ikki marta dorilangan. Sababi ularni jarlikdan olib chiqishning ham, yoqib yuborish yoki ko‘mishning ham imkoni bo‘lmagan.

Ta’kidlanishicha, maxsus dorilar nobud bo‘lgan qo‘ylarni 1 oyda chiritib, yo‘q qilib yuboradi, hech qanday kasallik yoki infeksiya tarqalmaydi.

Holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va mahalla yettiligi qo‘ylarni qishloq yo‘lidan o‘tkazishga ruxsat bermagani, shu sababli cho‘pon ularni dara yo‘lidan olib o‘tishga majbur bo‘lgani aytilgan. Shamsher Umedov bundan xabari yo‘qligini, holatni tegishli organlar xodimlari o‘rganayotganini bildirdi.

Endi yozgi oromgohlar uchun yo‘llanmani onlayn olish mumkin

Yozgi ta’tilda bolalar vaqtini mazmunli tashkil etish uchun my.gov.uzʼda sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanma olish xizmati ishga tushirildi.

Endi ota-onalar o‘z farzandlari uchun qulay mavsum va oromgohni tanlab, uydan chiqmasdan turib ariza yo‘llashi va to‘lovni amalga oshirib, yo‘llanma olishi mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portalidan «Bolalar oromgohlariga yo‘llanma olish uchun ariza berish» tanlanadi. So‘ng yo‘llanma olmoqchi bo‘lgan farzand belgilanadi, oromgoh va qulay mavsum ko‘rsatiladi. Shundan keyin to‘lov amalga oshirilib, elektron yo‘llanma olinadi.

Yo‘llanma to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng avtomatik ravishda shakllanadi.

Yo‘llanma band qilingach, 30 daqiqa ichida to‘lov to‘liq amalga oshirilmasa, u avtomatik tarzda bekor bo‘lib, band qilingan yo‘llanma qayta sotuvga chiqariladi.

Bolalar oromgohlariga yo‘llanma 7−14 yoshdagi bolalarga beriladi.

Iqtidorli yoshlar rag‘batlantiriladi

«Ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, madaniyat va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijodkor yoshlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona platforma joriy etiladi hamda «ERP madaniyat» yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, madaniyat sohasida sun’iy intellektdan hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha «Ijodiy texnolaboratoriya» tashkil etiladi, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida «Ijodkor yoshlar klubi», «Madaniyat volontyorlari» ijtimoiy harakati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari har yili jahonning kamida 4 nafar yetakchi mutaxassisi va taniqli san’atkori o‘quv jarayonlariga jalb etiladi hamda kamida 4 nafar ijodkor yoshlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi «Start-Up» loyihalari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorida ijodiy grantlar ajratiladi. 2026 yildan esa Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yillik kalendar-reja asosida yoshlar uchun tanlov va festivallar tashkil etiladi.

Mavzuga oid