Jahon | 00:53 / 27.05.2025
11617
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putindan norozi: nima gap o‘zi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya armiyasi Kiyevni navbatdagi marta bombalaganiga keskin munosabat bildirdi. Trampning aytishicha, u doim Putin bilan yaxshi kelishgan, lekin oxirgi vaqtlarda «Rossiya prezidentiga nimadir bo‘lgan». Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Navbatdagi yoppa hujumdan keyin

24 mayga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina shaharlariga seriyali kombinatsion zarbalar yo‘lladi. Bu hujumlar uchun zarbdor dronlar va ballistik raketalardan foydalanildi. Rossiyada ishlab chiqarilayotgan Eron dronlari rossiyalik injyenerlar tomonidan ancha mukammallashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Ukrain harbiylariga ko‘ra, endilikda ruslar uchirayotgan kamikadze dronlarni sun’iy intellekt boshqarmoqda va ular ortiq GPS xizmatidan foydalanmayapti. Bu dronlarning chap berish imkoniyatini oshiradi. Dronlar qayta dasturlangani ularni tutishni ham qiyinlashtirgan.

Oxirgi hujum urush boshidan buyon Kiyevga berilgan eng jiddiy zarbalardan biri bo‘ldi. Bu hujum Rossiya va Ukraina urushni tugatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara boshlagani fonida amalga oshirildi. Shu kunlarda Rossiya va Ukraina o‘sha muzokaralarda kelishilgan 1000 ga 1000 ko‘rinishida asirlar almashinuvini amalga oshirgandi.

Tramp: «Putin butunlay aqldan ozdi»

AQSh prezidenti Tramp Rossiyaning Ukraina bo‘ylab navbatdagi zarbalarini qoraladi. «Rossiyalik Putin bilan doim yaxshi munosabatda bo‘lganman. Lekin unga nimadir bo‘ldi. U butkul AQLDAN OZDI. U bilib turib ko‘p odamlarni o‘ldirmoqda va men faqat askarlar haqida gapirmayapman. Ukraina shaharlariga hech qanday sababsiz raketa va dronlar uchirilyapti.

Doim aytganman, unga BUTUN Ukraina kerak, bir qismi emas. Balki shunday bo‘lar ham, lekin Putin shu ishni qilsa, bu Rossiya qulashi bilan yakunlanadi», dedi Tramp.

AQSh prezidenti bu postida Ukraina prezidenti Zelenskiyni ham tanqid qildi, shuningdek, navbatdagi marta urush boshlanishida Zelenskiy, Bayden va Putinni aybladi. «Prezident Zelenskiy ham aytayotgan gaplari bilan davlatiga yordam berayotgani yo‘q. U gapirayotgan gaplar muammo tug‘dirmoqda va bu menga yoqmayapti. Men prezident bo‘lsam, bu urush aslo boshlanmasdi. Bu Zelenskiy, Putin va Baydenning urushi, Trampniki emas. Men shunchaki uquvsizlik va nafrat ortidan kelib chiqqan yong‘inni o‘chirmoqchi bo‘lyapman», deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Avvalroq Tramp jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Rossiyaga qarshi keskin sanksiyalar joriy qilish haqida jiddiy o‘ylayotganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, 16 may kuni Vladimir Putinning taklifi bilan Ukriana va Rossiya uch yil ichida ilk marta Istanbulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara boshlagandi. Lekin Putin o‘zi taklif qilgan muzokaraga bormadi, muzokarada faqat asirlar almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozircha bu muzokaralar davom etish-etmasligi aniq emas. Ukraina tomoni muzokaralarning har qanday formatiga tayyorligini aytayotgan bo‘lsa, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishni rad etmoqda. Shuningdek, Moskva Kiyevning Zelenskiy va Putin o‘rtasida yakkama-yakka uchrashuvi taklifiga ham ko‘nmayapti.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid