Jamiyat | 00:30 / 27.05.2025
10722
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 22 yoshli qizni fohishalik uchun Rossiyaga olib ketmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Qizning Rossiyaga borish uchun yo‘l haqi va boshqa xarajatlari Sankt-Peterburgda yashovchi «Zulya» ismli ayol tomonidan qoplangan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Toshkent viloyati IIBB va DXX tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir natijasida, bir fuqaroni fohishalik bilan shug‘ullanish uchun Rossiyaga olib ketishga uringan shaxs ushlandi.

Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida odam savdosiga qarshi tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Angren shahrida yashovchi 54 yoshli ayol (X.T.) o‘ziga tanish bo‘lgan 22 yoshli qizni aldab, mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga fohishalik uchun olib ketayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol va 22 yoshli qizning Rossiyaga borish uchun yo‘l haqi va boshqa xarajatlari Sankt-Peterburgda yashovchi «Zulya» ismli ayol tomonidan qoplangan. Buning evaziga qiz keyinchalik fohishalik bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan. Shuningdek, ayol qizni yetkazgani uchun «Zulya»dan ma’lum miqdorda haq olishga kelishgan.

Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksi 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi «a» va «z» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid