O‘zbekiston | 21:22 / 27.05.2025
1402
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda 1619 km ichimlik suv tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 27 may kuni ichimlik suv va oqova tarmoqlarini kengaytirish borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.

Qayd qilinishicha, bu yil 1 ming 619 kilometr ichimlik suv, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suv yetib boradi, yana 400 ming nafari oqova xizmati bilan qamrab olinadi.

Mutasaddilar shu boradagi ishlarning bajarilishi bo‘yicha axborot berdi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokida 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yil 800 million dollarlik ishlarni bajarib, 138 ta suv inshootini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Osiyo taraqqiyot banki va Germaniya taraqqiyot banki bilan loyiha oldi moliyalashtirish bo‘yicha yaxshi tajriba yo‘lga qo‘yildi. Bunda pudratchi va loyihachi oldindan tanlangani uchun amaliy ishlar boshlanishi tezlashdi. Kelgusida barcha loyihalarda shu tartibni qo‘llash maqsadga muvofiqligi aytildi.

Suv ta’minoti tizimini raqamlashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilingan. Bu loyiha doirasida besh yilda yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4 ming 800 ta «aqlli» hisoblagich va qariyb 3 mingta telemetriya tizimi o‘rnatiladi.

Sohada xalqaro hamkorlik va xususiy sheriklik rivojlanib borayotganidan kelib chiqib, ushbu talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid