O‘zbekiston | 19:28 / 26.05.2025
3431
3 daqiqa o‘qiladi

“Viza berishni osonlashtirish haqida gap-so‘z yo‘q” – AQSh elchixonasi

AQSh elchixonasi vakilining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, o‘zbekistonliklarga viza berish siyosatida e’lon qilishga arzigulik hech qanday o‘zgarish yo‘q. Viza olishni osonlashtirish mavzusi muhokama qilinmagan. Lekin O‘zbekistonning takliflarini intiqlik bilan kutamiz, deydi elchixona.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘tgan hafta O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qilish, o‘zbek fuqarolari uchun esa AQSh vizasini olishni yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirig‘i berildi. TIV 3 oy ichida ushbu masala yuzasidan yakuniy takliflarini taqdim etishi kerak.

Kun.uz AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga ulanib, bu borada qanday yangiliklar borligi haqida so‘radi. Elchixonaning Jamoatchilik bilan aloqalar departamentiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston fuqarolariga AQSh vizasini berish bo‘yicha hech qanday yangilik yo‘q.

“Yaqinda prezident Mirziyoyev hukumatga AQSh vizasini olishni yengillashtirish bo‘yicha topshiriq berganidan xabardormiz. Lekin viza siyosatida e’lon qilishga arzigulik hech qanday yangilik yo‘q. Qonun-qoidalar o‘sha-o‘sha, hech nima o‘zgarmagan. Muhokamalar hali boshlanmagan, biz O‘zbekiston takliflarini intiqlik bilan kutamiz” – AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Elchixonaning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston hukumatining AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni o‘rnatishga qilayotgan harakati amerikalik tadbirkorlar kelishini ko‘paytiradi.

“Ko‘p yillar davomida AQSh O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilib keladi. O‘zbekiston viza rejimiga kiritayotgan o‘zgartirishlar ushbu munozaralarning muhim elementi bo‘ldi. Chunki O‘zbekistonning vizasiz rejimi AQSh kompaniyalari vakillarining bu yerda biznes yuritishini sezilarli darajada osonlashtiradi” – AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik OAV vakillari bilan muloqotda konsullik O‘zbekiston fuqarolaridan maksimal ko‘p miqdorda viza so‘rovi olayotgani, maksimal miqdorda viza berayotganini aytgandi. O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti tezlashib, boy mamlakatga aylangani sari viza olish ham osonlashadi, degan elchi.

Mavzuga oid