Jamiyat | 12:20 / 26.05.2025
8609
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 3 kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi

Holat Sayxunobod tumanida sodir bo‘lgan. Sizot suvlarini saqlovchi quduqni tozalash uchun tushgan uy egasi, uni qutqarmoqchi bo‘lgan o‘g‘li va qo‘shnisi gazdan zaharlanib vafot etgan. Yana ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Kun.uz

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida uch kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi. Bu ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga tasdiqladi.

Holat 22 may kuni sodir bo‘lgan. Tumanning Do‘stlik mahallasida yashovchi 67 yoshli kishi tozalash maqsadida xonadonidagi sizot suvlarini saqlovchi 5 metrlik quduqqa tushgan. Ammo u quduqda hosil bo‘lgan zaharli gazdan nafas olishi oqibatida vafot etgan.

So‘ngra uni qutqarish maqsadida quduqqa tushgan 39 yoshli o‘g‘li va 46 yoshli qo‘shnisi ham gazdan zaharlanib halok bo‘lgan. Ularni qutqarish uchun tushgan yana ikki kishi esa zaharli gazdan nafas olishi oqibatida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.

Sayxunobod tuman FVB xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordam sababli ota, o‘g‘il va qo‘shnining murdalari hamda zaharli gazdan hushini yo‘qotgan ikki fuqaro quduqdan olib chiqilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli ularning hayoti saqlab qolingan va tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan Sayxunobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid