Sport | 11:31 / 26.05.2025
8187
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasining JCh guruh bosqichidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi U-17 Jahon chempionati qur’asi natijalariga ko‘ra, Paragvay, Panama va Irlandiya bilan bir guruhdan joy oldi.

Foto: O‘FA

Joriy yilning 3 noyabridan 25 noyabriga qadar Qatar maydonlarida o‘tkaziladigan U-17 jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi J guruhida Paragvay, Panama va Irlandiya vakillariga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.

Barcha guruhlar:

A guruhi: Qatar, Italiya, Janubiy Afrika, Boliviya
B guruhi: Yaponiya, Marokash, Yangi Kaledoniya, Portugaliya
C guruhi: Senegal, Xorvatiya, Kosta-Rika, BAA
D guruhi: Argentina, Belgiya, Tunis, Fiji
E guruhi: Angliya, Venesuela, Gaiti, Misr
F guruhi: Meksika, Koreya Respublikasi, Kot-d’Ivuar, Shveytsariya
G guruhi: Germaniya, Kolumbiya, KXDR, Salvador
H guruhi: Braziliya, Honduras, Indoneziya, Zambiya
I guruhi: AQSh, Burkina-Faso, Tojikiston, Chexiya
J guruhi: Paragvay, O‘zbekiston, Panama, Irlandiya
K guruhi: Fransiya, Chili, Kanada, Uganda
L guruhi: Mali, Yangi Zelandiya, Avstriya, Saudiya Arabistoni.

O‘zbekiston ilk o‘yinni 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadi. 8 noyabr kuni Irlandiyaga qarshi maydonga tushadi, guruh bosqichi 11 noyabr kuni Panamaga qarshi o‘yin bilan yakunlanadi.

O‘yinlarning barchasi Dohadagi Aspire zone stadionida bo‘lib o‘tadi.

Qur’a marosimidan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Har uchala raqib ham o‘z mintaqasining kuchli vakillari sanaladi va bu musobaqaga munosib tarzda yo‘l olishgan. Shu bois har bir o‘yinga alohida va puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.

Paragvay – Janubiy Amerikaning jismoniy kuch, intizom va texnika uyg‘unligi bilan ajralib turadigan jamoasi. Ular hech qachon kurashdan chekinmaydi. Panama esa CONCACAF mintaqasida yildan yilga o‘sib kelayotgan futbol maktabiga ega. Ularning o‘yin uslubi tezlik, qarshi hujum va yuqori pressingga asoslangan. Irlandiya klassik Yevropa futboli vakili bo‘lib, kuchli shakllangan o‘yin va intizom bilan ajralib turadi», – deya uning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.

U «guruhda oson raqiblar yo‘qligi»ni ta’kidladi.

«Shubhasiz, guruhdagi barcha jamoalar kuchli. Bu bosqichda oson raqib yo‘q. Ammo biz ham Osiyo chempionlari sifatida ushbu musobaqada shunchaki ishtirok uchun emas, balki istalgan jamoaga qarshi raqobat ko‘rsatish, o‘z salohiyatimizni namoyon etish va yurtimiz nomini munosib himoya qilish uchun harakat qilamiz.

Jamoamizda ishonch bor, so‘nggi yillarda katta tajriba orttirgan, bir qator og‘ir bahslardan o‘tgan va endi har bir o‘yinga chuqur tahlil, aniq reja hamda yuksak ruhiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Bor e’tiborimizni raqiblarni chuqur o‘rganishga, iqlim va muhitga moslashishga, shuningdek, futbolchilarimizni ruhiy va taktik jihatdan eng yuqori darajada tayyorlashga qaratamiz. Yurtimiz bayrog‘ini jahon miqyosida yuqori ko‘tarish va futbol muxlislariga quvonch ulashish biz uchun sharafdir», – deya ta’kidladi Islombek Ismoilov.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur musobaqa 327 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadi. 12 guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan 24 jamoa va eng yaxshi 8 ta 3-o‘rin sohiblari 1/16 final bosqichiga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi aprel oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi finalida ikki kishi kam bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, mezbonlarni 2:0 hisobida mag‘lub etib, chempion bo‘lgandi.

Bu O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi tarixidagi ikkinchi Osiyo kubogi bo‘ldi.

Ushbu turnirda O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi mag‘lubiyatga uchramadi, guruhda Tailand (4:1), Xitoy (2:1) va Saudiya Arabistoni (3:0), chorakfinalda BAA (3:1), yarimfinalda KXDR (3:0) kabi raqiblar ustidan g‘alaba qozondi.

Jamoa chorakfinal yo‘llanmasi bilan birgalikda U-17 jahon chempionati yo‘llanmasini ham kafolatlagandi.

Mavzuga oid