Donald Tramp Yevroittifoqdan import uchun bojlarni 9 iyulgacha kechiktirdi
AQSh prezidenti Yevropa Ittifoqidan olib kiriladigan barcha mahsulotlarga 50 foizlik boj joriy etishni 9 iyulgacha kechiktirishini e’lon qildi. Bu qaror savdo muzokaralariga yana biroz vaqt berish maqsadida qabul qilindi.

Foto: Oq uy
Donald Tramp 25 may kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi e’lon qilgan xabarida Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bilan suhbatlashganini ma’lum qildi. Tramp ilgari, agar bir hafta ichida savdo bitimiga erishilmasa, 1 iyundan bojlar kuchga kirishini aytgan edi.
Tramp Yevropa Ittifoqi bilan olib borilayotgan muzokaralardan noroziligini bildirib, 90 kunlik murosa oynasi davomida Ittifoq tomonidan yetarli yon berishlar bo‘lmaganini tanqid qilgan edi. Biroq keskin bojlar tahdidi dunyoning eng yirik iqtisodiyotlaridan biri bilan savdo urushiga olib kelishi xavfini oshirdi.
Yakshanba kuni Tramp bu masalada vaqtinchalik orqaga chekindi.
«Bugun men Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyendan qo‘ng‘iroq qabul qildim. U Yevropa Ittifoqi bilan savdo bo‘yicha 50 foizlik boj joriy etilishi muddatini uzaytirishni so‘radi. Men bu muddatni 2025 yil 9 iyulgacha uzaytirishga rozi bo‘ldim — buni qilish men uchun sharaf bo‘ldi. Komissiya prezidenti muzokaralar tez orada boshlanishini aytdi», — deb yozdi Tramp.
Fon der Lyayyen esa ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Tramp bilan «yaxshi suhbat» bo‘lganini, savdo bitimi tuzish uchun Yevropa tomoniga qo‘shimcha vaqt kerakligini bildirgan. U muzokaralar «tez va qat’iy» tarzda davom ettirilishini aytdi.
«Yevropa Ittifoqi va AQSh dunyodagi eng muhim va yaqin savdo sherikligiga ega», — deb yozgan Yevroittifoq rasmiysi.
Bu bojlar – Trampning global iqtisodiyotga katta noaniqlik olib kirgan savdo siyosatidagi navbatdagi burilishidir.
Trampning Yevropaga qarshi boj tahdidi, u Xitoy importlariga qo‘yilgan 145 foizlik bojlarni vaqtincha yumshatishga rozi bo‘lganidan bir necha hafta o‘tib e’lon qilindi. Iqtisodchilar bunday bojlar va u bilan bog‘liq noaniqliklar dunyo bo‘ylab biznes sarmoyalarining susayishiga va ta’minot zanjirlari buzilishiga olib kelayotganini ogohlantirib kelmoqda. Ko‘plab tahlilchilar global inqiroz ehtimolini oshgan deb baholamoqda.
Mavzuga oid

00:17
Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

21:14 / 28.05.2025
“Men bo‘lmaganimda Rossiyaning ahvoli yomon bo‘lardi” - Tramp o‘zgardimi?

12:35 / 28.05.2025
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi

10:23 / 28.05.2025