Putin Donbassga bormoqchi. Urush muzokaralari fonida
O‘tgan hafta dunyo siyosatchilari Ukrainadagi urushni tugatishga navbatdagi marta harakat qilib ko‘rishdi. Va navbatdagi marta Tramp boshchilik «tinchlikparvarlar» urushni tugatish ularning emas, boshqa bir odamning qo‘lida ekanini anglab yetishdi. U odam esa urushni tugatmoqchi emas. Quyida mana shu odam atrofidagi oxirgi voqealarga to‘xtalamiz.

«Putin o‘zini g‘olib deb biladi»
Amerikaning Wall Street Journal nashri ishonchli manbalariga tayanib yozishicha, Putin bilan telefon orqali muloqot qilganidan keyin AQSh prezidenti Tramp Rossiya prezidenti urushni tugatmoqchi emasligini tushunib yetgan. Tramp bu haqda Yevropa liderlari bilan suhbatda aytgan.
Gazetaning yozishicha, Tramp yevropaliklarga Putin allaqachon o‘zini g‘olib deb hisoblayotgani, u urushni tugatish haqida o‘ylamayotganini aytgan. Yevropa liderlari ancha avval anglab yetgan bu xulosani Trampdan ilk marta eshitishdi.
Bloomberg manbalari esa boshqacharoq ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Tramp Yevropa liderlariga «Putinning urushdagi g‘alabasiga ishonayotganini» aytgan. Yevropaliklar Tramp va Putin o‘rtasidagi bunaqa o‘ziga xos kelishuvdan hayratga tushgan.
Putin Donbassga boradi
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin keyinroq o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, urush davrida Rossiya o‘z tarkibiga qo‘shib olgan «Donetsk va Luhansk xalq respublikalariga» boradi. To‘g‘ri, Peskov bu haqda Putinning Kurskka tashrifidan keyin o‘tkazilgan brifingda berilgan savolga javob berish asosida aytgan, lekin urush holatidagi Rossiyada bunaqa savollar bejizga yangramaydi.
Putin Donbassga borishi haqida shu kunlarda gapirilishi ham bekorga emas. Kremlda mana shunaqa ishoralar bilan gapirishni yaxshi ko‘rishadi axir. Kremldagilar bu harakati bilan go‘yoki siz urushni tugatish haqida gapiravering, bizning «glavnokomanduyushiy»imiz «yangi hududlarimiz» Donbassga boradi, deyishmoqchi. Rossiyada Ukrainaning bosib olingan hududlarini aynan «yangi hududlar» deb atashadi.
Putin Donbassga borishi yangilik emas. Mariupol egallanganidan ko‘p o‘tmay u Donetskdagi bu shaharga borib, odamlar bilan uchrashgandi. Biroq u Rossiya regionlariga safar qilgani kabi Ukrainaning bosib olingan hududlariga hozircha ishchi tashrif bilan borgani yo‘q.
Putin Kurskka bordi
Vladimir Vladimirovich Donbassga borishi haqida gaplar bejizga tarqalmadi. 20 may kuni janob Putin Kurskka bordi. Bu gal harbiy kiyimda operativ shtabga borish bilan cheklanmadi, xuddi Rossiyaning boshqa hududlariga bo‘lgani kabi to‘liq ishchi tashrifni amalga oshirdi. Kursk AES-2 qurilishi bilan tanishdi. Keyin oblast vaqtincha gubernatori Xinshteyn bilan uchrashdi. Xullas, rossiyaliklarga Kurskda hamma yoq tinch, xavotir olmanglar, dedi. Donbassga tashrifdan maqsad ham shu bo‘ladi.
Biz voqealar rivojini, ayniqsa Vladimir Vladimirovichning har bir safarini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. E’tibor berish kerak bo‘lgan biror voqea bo‘lsa, albatta, sizni xabardor qilamiz. Eng muhim xabarlarni o‘tkazib yubormaslik uchun Kun.uz sahifalariga obuna bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

20:36 / 22.05.2025
Rossiya qo‘shinlari bufer zona yaratish muammosini hal qilmoqda – Putin

23:48 / 20.05.2025
Putin va Tramp muloqoti: bu gal ham hech qanday natija bo‘lmadi

20:09 / 20.05.2025
«Putin uchun yengil g‘alaba». Trampning Rossiya prezidenti bilan muloqotiga jahon matbuoti qanday munosabat bildirdi?

17:07 / 20.05.2025