Jahon | 01:12
4986
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Rossiya prezidentini harbiy jinoyatchi deb atashdan bosh tortdi

Marko Rubio Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi eshituvlarida chiqish qildi. AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushda harbiy jinoyat sifatida tasniflash mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar sodir etilganini ma’lum qildi.

Foto: AP

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ukrainadagi urushda harbiy jinoyat sifatida tasniflash mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar sodir etilganini ma’lum qildi, biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atashdan bosh tortdi.

Rubio 21 may kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi eshituvlarida chiqish qildi. Demokrat kongressmen Bill Kiting Rubiodan «davlat kotibi Ukraina bilan mojaroda Rossiyani bosqinchi deb hisoblaydimi?», deb so‘radi. «Ha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi», — deya javob qaytardi Rubio.

Shundan keyin Kiting Rubiodan u Vladimir Putinni — «AQSh muzokaralar olib borayotgan insonni» harbiy jinoyatchi deb hisoblash yoki hisoblamasligini so‘radi.

Bunga javoban davlat kotibi Ukrainada yuz bergan ayrim voqealarni harbiy jinoyat sifatida tasniflash mumkinligini aytdi, «ammo bizning maqsadimiz — urushga chek qo‘yish», dedi. «Biz Putin bilan gaplashmay turib, urushni tugata olmaymiz», — dedi Rubio.

«Bu juda oddiy. U — harbiy jinoyatchimi? Biz muzokaralar olib borayotgan Vladimir Putin — harbiy jinoyatchimi?», — deya qayta so‘radi Kiting.

«Ammo men savolingizga javob berishga harakat qilyaman va biz urushni tugatishga urinayotganimizni aytyapman… Harbiy jinoyatlar sodir etilgan. Shuhbasiz. Bunga kim javob beradi? Buning vaqti va joyi keladi. Ammo hozirgi vazifa — urushni yakunlash», — deya ta’kidladi Rubio.

Kiting Rubioni «ikkiyoqlamalik» va «savollardan qochish»da aybladi. O‘z navbatida, davlat kotibi urush davom etarkan har kuni odamlar halok bo‘lishi, «yanada ko‘proq odamlar yaralanishi va ko‘proq harbiy jinoyatlar sodir etilishini» aytdi.

Umumiy hisobda Kiting Rubioga Putinni harbiy jinoyatchi sifatida hisoblash yoki hisoblamasligiga oid savolni olti marta berdi.

2017 yil yanvarda Reks Tillersonni davlat kotibi lavozimiga tasdiqlash bo‘yicha eshituvda Rubio (o‘sha vaqtda senator lavozimida bo‘lgan) undan «Putinni harbiy jinoyatchi deb hisoblaysizmi?», deb so‘ragan edi. U esa bunday ta’rifdan foydalanmagan bo‘lishini aytgandi. «Vladimir Putin harbiy jinoyatchi ekanini aytish qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak. Fikrimcha, umumiy qabul qilingan narsani ayta olmasligingiz meni xafa qildi», — degan edi o‘shanda Rubio.

Mavzuga oid