Ukrainaning Sumi oblastidagi poligoniga zarba berildi
Qurbonlar bor, tergov ishlari olib borilmoqda. Bu hodisa ukrain siyosatchilari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keskin reaksiya keltirib chiqardi.

Foto: RF mudofaa vazirligi
Ukraina Milliy gvardiyasi Sumi oblastidagi mashg‘ulot lageriga rossiyaliklar tomonidan berilgan zarba oqibatida olti harbiy halok bo‘lgani, 10 dan ortiq askar yaralanganini ma’lum qildi. Bir kun avval Rossiya mudofaa vazirligi navbatdagi raketa hujumi bilan o‘nlab ukrain harbiylari o‘ldirilganini xabar qilgandi.
Milliy gvardiya zarba 20 may kuni «harbiy qismning o‘q otish maydonida mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan vaqtda» berilganini tasdiqladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi bir kun oldin Sumi oblastidagi Shostka aholi punkti yaqinida «Ukraina qurolli kuchlari maxsus kuchlarining 1-brigadasi tayyorgarlik lageri aniqlangani», shundan so‘ng «Iskander» raketa majmuasi orqali zarba berilganini ma’lum qilgandi.
Rossiya harbiylari ma’lumotida zarba oqibatida o‘nlab harbiylar halok bo‘lgani keltirilgandi.
«Fojia yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Harbiy qism komandiri lavozimidan chetlashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zarur ma’lumotlar taqdim etildi. Tergov doirasida tegishli qaror qabul qilgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi», – deyiladi Ukraina Milliy gvardiyasi bayonotida.
Kreml xabarlariga ko‘ra, 20 may kuni Kursk oblastiga tashrif buyurgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin zarbaga izoh bergan.
«Interfaks»ning yozishicha, Putin bilan uchrashuvda dron operatori ishtirok etgan, u Sumi oblastining Shostka aholi punkti hududida amalga oshirilgan razvedka chog‘ida Ukraina qurolli kuchlarining shaxsiy tarkibi aniqlangani, shundan keyin bu joyga «Iskander» tomonidan zarba berilganini ma’lum qilgan.
«Chegara tomon harakatlanishga urinishmoqda. Mayli, bu alohida mavzu», – degan Putin.
Milliy gvardiyaga ko‘ra, Ukraina harbiy qo‘mondonligi oldinroq harbiylar guruhlariga zarba berilishi oqibatida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga qaratilgan qoidalar joriy etgandi.
«Yana qancha odam halok bo‘lishi kerak?»
Sumi oblastidagi fojia ukrainlar orasida keskin reaksiya keltirib chiqardi, deya yozadi BBC Ukraina xizmati.
Ukraina Oliy radasi deputati Oleksiy Goncharenko rossiyalik harbiylar go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari lagerida kuzatuv olib borganini aytgan. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, hudud ustida uzoq vaqt davomida dron harakatlangan, aynan ushbu qurilma nishonni belgilab, zarbani yo‘naltirgani taxmin qilinmoqda.
Goncharenko ro‘y bergan hodisani «aslida front chizig‘ida harbiylar mashg‘ulotlarini o‘tkazishga qaror qilganlarning jinoyati» deb atagan. «Bunday holat birinchi va ikkinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Va haligacha hech kim javobgarlikka tortilmadi», – deydi Goncharenko.
Vaziyat haqida ukrainalik faol va ko‘ngilli Sergey Sternenko shunday yozadi: «Sumi oblasti. Rossiya Federatsiyasi chegarasigacha 50 kilometrdan kamroq masofa. Va yana shaxsiy tarkibning to‘planishi/dushman razvedka dronlari muntazam ravishda uchib yuradigan front yaqinidagi zonada saflanish».
Ukraina harbiylariga nisbatan keskin bayonotlari bilan tanilgan Rada deputati Maryana Bezuglaya Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyni ishdan bo‘shatishga chaqirdi.
«Yana qancha odam halok bo‘lishi kerak? Yana qancha ahmoqona buyruq berilishi kerak? Sirskiyni ishdan bo‘shatish uchun yana qancha takabburlik va o‘lim, takabburlik va o‘lim, takabburlik va o‘lim kerak, Volodimir Aleksandrovich?» – deya Ukraina prezidentiga murojaat qiladi Bezuglaya shu kunlarda iste’fo bergan 47-brigada qo‘mondoni Oleksandr Shirshinning so‘zlarini keltirib.
«Rossiya chegarasidan 45 kilometr. Kimdir u yerda poligon tashkil etish va bir vaqtning o‘zida yuzlab yangi askarlarni tayyorlashni o‘ylab topdi. Shu bilan birga, 2013 yildagi kabi osmonni nazorat qilish uchun sharoit yo‘q», – deya ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining izohidan iqtibos keltiradi BBC Ukraina xizmati.
Ammo TSN telekanali muxbiri Yuliya Kiriyenko-Merinova Shostkadagi poligonda ballistik raketa zarbasi vaqtida qo‘mondonlik shaxsiy tarkibni saflamaganini yozgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu front chizig‘iga yaqin joylashgan har bir harbiy qismda mavjud bo‘lgan o‘q otish poligonidir.
«Harbiy qism komandiri dushmanning razvedka dronini e’tiborsiz qoldirgani uchun lavozimdan chetlatilgan. Tergov ishlari olib boriladi», — deya xabar bergan u Ukraina milliy gvardiyasi qo‘mondoni Oleksandr Pivnenkoga havola berib.
Oldingi zarbalar
Mart oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari Dnipropetrovsk oblastida, front chizig‘idan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Novomoskovskiy poligoniga Rossiya tomonidan ballistik raketa bilan berilgan zarba natijasida ukrainalik harbiylar halok bo‘lganini tasdiqladi. Qurbonlar va yaradorlarning aniq soni aytilmagan.
Xuddi shu kabi fojia Ukraina qurolli kuchlarining 128-brigadasi bilan ham sodir bo‘lgan, u yerda saflanish paytida o‘nlab harbiylar halok bo‘lgan.
2023 yil 3 noyabr kuni Zaporijjyadagi front chizig‘i yaqinidagi qishloqda rossiyaliklar to‘planib turgan harbiylarga zarba beradi. O‘shanda OAV ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga tayanib, jangchilar mukofotlarni topshirish uchun safga tizilgani haqida yozgan edi.
O‘shanda Rossiya raketasi zarbasi oqibatida 128-brigadaning 19 nafar harbiysi va yana ikki nafar tinch aholi halok bo‘lgandi. Brigada komandiri Dmitro Lisyuk keyinchalik chetlatilgandi.
Mavzuga oid

00:45
«AQSh bilan savdo nizolarini tezroq hal qilishimiz kerak» - G7 yig‘ilishidagi so‘nggi ma’lumotlar

21:37 / 21.05.2025
Ispaniyada Yanukovichning safdoshi otib ketildi

21:02 / 21.05.2025
Tramp ittifoqchilarga Rossiya g‘alaba qozonishiga ishonchi komilligini aytdi – OAV

15:36 / 21.05.2025