Jahon | 23:07 / 21.05.2025
1234
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil sudi hukumatning ShABAK rahbarini lavozimdan olish qarorini noqonuniy deb topdi

Mamlakat Oliy sudiga ko‘ra, ShABAK rahbari Ronen Barning iste’fosiga oid qaror «asossiz» va rasmiy eshituvlar o‘tkazilmasdan qabul qilingan.

Foto: Reuters

Isroil Oliy sudi mamlakat hukumatining Bosh xavfsizlik xizmati (ShABAK) rahbari Ronen Barning lavozimdan olinishini «noqonuniy» deb topdi.

Sudning fikricha, bosh vazir Binyamin Netanyahuning Ronen Barni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qaroriga manfaatlar to‘qnashuvi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Chunki ShABAK «Katergeyt» nomli ish — Netanyahuining yaqin maslahatchilariga nisbatan antikorrupsiya tergovi bilan shug‘ullangan.

Oliy sudning ma’lum qilishicha, Ronen Barning iste’fosiga oid qaror «asossiz» va rasmiy eshituvlar o‘tkazilmasdan qabul qilingan.

16 mart kuni Binyamin Netanyahu Barni lavozimdan olmoqchi ekanini e’lon qildi, Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng, Oliy sud uning ishdan bo‘shatilishga qarshi petitsiyani ko‘rib chiqdi va bosh vazir qarorini vaqtincha blokladi. Barning o‘zi iste’fosiga «Katargeyt» sabab bo‘lganini bildirgan. Ammo 28 aprel kuni Ronen Barning o‘zi iste’fo berdi. Sudning 21 may kungi bayonotida keltirilishicha, dastlabki iste’foga chiqarish qarori noqonuniy deb topilgan bo‘lsada, yuqoridagi sabab tufayli hech qanday chora ko‘rmaydi.

«ShABAK» Isroilda ichki xavfsizlikni ta’minlaydi va kontrrazvedka bilan shug‘ullanadi. Roner Bar «ShABAK»ning hukumat lavozimdan olishga uringan birinchi rahbari hisoblanardi.

Ushbu tashkilot 2023 yilda Isroilga uyushtirilgan hujumdan keyin tanqidlarga uchragan edi. Maxsus xizmat faoliyatiga oid hisobotda qayd etilishicha, «ShABAK» hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani bo‘yicha signallar olgan, ammo bunga qarshi jiddiy choralar ko‘rmagan.

Mavzuga oid