Jahon | 23:43 / 21.05.2025
3957
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaliklar Everestni yangi usulda zabt etdi

To‘rt nafar britaniyalik dunyodagi eng baland cho‘qqi - Everestga 5 kundan kamroq vaqt ichida chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

To‘rt nafar britaniyalik alpinist tarixda birinchi bo‘lib Everest cho‘qqisini ksenon ingalatsiyasi yordamida zabt etdi — bu inert gaz ayrim tadqiqotlarga ko‘ra organizmning gipoksiyaga (kislorod yetishmovchiligiga) yaxshiroq moslashishiga yordam beradi, deb yozmoqda Reuters.

Ekspeditsiya atigi 4 kun va 18 soatni tashkil etdi — bu standart iqlimlashtirishsiz ko‘tarilish uchun rekord muddat.

Jamoa tarkibidan Buyuk Britaniyaning faxriylar ishlari bo‘yicha vaziri Alister Karns ham o‘rin oldi. Ekspeditsiya avvalida alpinistlar uch oylik tayyorgarlikdan o‘tgan: ular kislorod darajasi pasaytirilgan gipoksik chodirlarda mashq qilgan va Nepalga yo‘l olishdan ikki hafta oldin nemis klinikasida ksenon hidlagan.

Odatda dunyoning eng yuqori cho‘qqisiga chiqish uchun iqlimlashish jarayoniga olti haftadan sakkiz hafatagacha vaqt ketadi. Tegishli moslashuvsiz bunday keskin ko‘tarilish mutaxassislar orasida jiddiy tashvish tug‘diradi. Ayrim olimlarning hisoblashicha, ksenon eritropetin — kislorod yetishmovchiligiga qarshi kurashadigan oqsilni ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Ammo hozirga qadar uning samaradorligi yoki tog‘li hududlarda xavfsiz ekanini isbotlovchi ishonchli dalillar mavjud emas.

Xalqaro alpinizm federatsiyasining ogohlantirishicha, ksenondan nafas olish xavfli bo‘lishi mumkin, Nepal ekspeditsiya operatorlari uyushmasi prezidenti esa iqlimlashish jarayonisiz Everestga ko‘tarilish, tog‘ turizmining asosiy qoidalariga zid ekanini ma’lum qildi.

Lukas Furtenbax ekspeditsiyasi tashkilotchilarining ta’kidlashicha, cho‘qqini tezroq zabt etish ekologiyaga kamroq zarar yetkazadi va alpinistlar uchun kamroq tahdid tug‘diradi, chunki ular xavfli muhitda kamroq vaqt o‘tkazadi.

Avvalroq britaniyalik alpinist Kenton Kul Everestga 19 marotaba ko‘tarilib, dunyodagi eng baland cho‘qqini eng ko‘p zabt etgan chet elliklar orasida yangi rekordni o‘rnatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid