Jahon | 22:28 / 20.05.2025
1495
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning savdo urushi: u Xitoyga yon berdimi?

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi global iqtisodiyotda silkinishlarga sabab bo‘ldi. Lekin oradan bir oy o‘tib, ikki davlat o‘zaro bojlarni urushgacha bo‘lgan darajaga qaytarishga kelishib oldi. Mavzu – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi muhokamasida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— AQSh–Xitoy savdo urushi 90 kunga muzlatilmoqda. Savdo urushida kim g‘alaba qozondi?

Anvar Yo‘ldoshev: Savdo urushida hech kim g‘alaba qozonmaydi, AQSh-Xitoy mavzusi ham shunday. Tramp hukumatga kelganidan keyin saylovchilarga qandaydir natija ko‘rsatishi kerak edi. Shuning uchun u turli hajmlarda Xitoyga va 187 ta davlatga bojlar joriy qila boshladi.

Asosiy maqsad – dunyo davlatlari bilan kelishib, Xitoyni siquvga olish edi, lekin Pekin ham kurashni davom ettirdi. Tramp esa qaysi davlatga bojlarni ko‘targan bo‘lsa, ularni muzlatdi yoki yon berib kelishishga majbur bo‘lyapti.

Shuhrat Rasul: Bayden davrida AQShning Xitoyga qo‘llaydigan bojlari 30 foiz edi. O‘z navbatida, Xitoyning Amerika tovarlariga qo‘llaydigan bojlari 10 foiz edi. Ikki tomon ham tariflarni ana shu darajaga qaytarishga kelishdi.

Xitoy Amerikadan ko‘ra pastroq, 10 foiz boj belgilashi sababi – bundan ortig‘i Xitoy iqtisodiyoti uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Xitoy AQShdan oziq-ovqatlar va boshqa muhim tovarlarni xarid qiladi.

Savdo ziddiyatini Amerikaning o‘zi boshladi va o‘zi taslim bo‘ldi. Trampning motivi ikki davlat o‘rtasidagi savdo disbalansini to‘g‘rilayman deb boshlagan edi. Lekin bu Amerika ichida katta noroziliklarni keltirib chiqardi. Aynan Trampga ovoz berganlarning ham ko‘pi bu urushdan zarar ko‘rdi.

Ma’lumot uchun: 2025 yilning dastlabki uch oyida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tovar savdosi hajmi 134,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu davrda AQSh Xitoyga 31,8 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, Xitoydan 102,7 milliard dollarlik import amalga oshirildi.

Bektosh Berdiyev: Tramp shu yo‘l bilan Xitoyni tiz cho‘ktiraman deb o‘ylagan edi. Lekin mana, yon berishga majbur bo‘ldi. AQSh prezidentining xarakterini hisobga olsak, u hech qachon men yon berdim demaydi.

Trampning faoliyatida siyosiy motivlar yetakchi o‘rin tutmaydi, asosan iqtisodiy kelishuvlar uning uchun ustuvor. Kerak bo‘lsa, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan ham uchrashuv qiladi.

Kamoliddin Rabbimov: Xitoy hokimiyatiga kim kelishidan qat’i nazar, hokimiyatga kelgan birinchi oylarda u Vashingtonga taklif qilinadi va dunyodagi tartibot, geosiyosat va geoiqtisodiyot bo‘yicha ma’lum bir kelishuvlarga erishiladi. Si Jinping va undan avvalgi Xitoy liderlari hokimiyatga kelganda ham xuddi shunday bo‘lgan. Rasman Vashingtonga taklif qilingan.

Qiyoslasak, Putin 1999 yilning dekabrida hokimiyatga keldi, biror marotaba Vashingtonga taklif qilinmadi. Bu degani Putinga har doim ehtiyotkorona qarash bo‘lgan. Zbignev Bjyezinskiy aytganidek, u xavfli o‘yinchi. Shu tafakkur mana, o‘zini oqladi.

Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlarga to‘g‘ri baho berishimiz kerak: bu ikkala davlat strategik bir-biriga raqib, ular o‘rtasida savdo-iqtisodiy, geosiyosiy va geomafkuraviy frontlarda gibrid urush ketyapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid