Jahon | 22:47 / 20.05.2025
1268
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming chet ellik Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda - Bastrikin

Reydlar davomida «voyenkomat»ga borishni xohlamagan 80 ming shaxs ushlangan. RF Tergov qo‘mitasi rahbariga ko‘ra, ular orasida Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar ham bor.

Foto: chitamedia.su

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Ukrainadagi jangovar harakatlar zonasiga Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming kishi yuborilganini ma’lum qildi.

«Harbiy tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazmoqda. Biz nafaqat jang maydoniga, balki «voenkomat»ga ham borishni xohlamayotgan 80 ming nafar Rossiya fuqarosini ushladi. Ularni harbiy hisobga qo‘ydik va O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonda yashash negadir yoqmaydigan 20 ming «yosh» Rossiya fuqarolarini jang maydoniga jo‘natdik», — deydi Bastrikin.

Rossiya huquq-tartibot organlari muntazam ravishda reydlar o‘tkazib, Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarga chaqiruv qog‘ozlarini topshirmoqda yoki ularni «voyenkomat»larga olib ketyapti. Qator holatlarda fuqarolik olgan migrantlar Rossiya pasportini yo‘qotish va mamlakatdan deportatsiya qilish tahdidi ostida shartnomalar imzolashga majbur bo‘lmoqda.

2024 yil iyunda Bastrikin Rossiyada mamlakat fuqaroligini olgan, biroq harbiy hisobga qo‘yilmagan 30 ming chet ellik ushlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda ularning 10 mingga yaqini front ortiga — «okoplar qazishga» yuborilgan.

Avvalroq yaralanib, shifoxonada yotgan o‘zbekistonlik Kun.uzʼga yo‘llagan murojaatida majburan urushga yuborilgani, uning qismida boshqa o‘zbeklar ham bo‘lganini so‘zlab bergandi.

Mavzuga oid