«Putin uchun yengil g‘alaba». Trampning Rossiya prezidenti bilan muloqotiga jahon matbuoti qanday munosabat bildirdi?
Trampni qo‘llovchi OAV ham bu muloqotdan «hech qanday aniq natija ko‘rinmayotgani»ni qayd etgan.

ALEXANDER KAZAKOV/POOL/AFP via Getty Images
19 may kuni Vladimir Putin va Donald Tramp uchinchi marta telefon orqali Ukraina masalasini muhokama qildi – bu safar ularning suhbati ikki soatdan ko‘proq davom etdi. Ikkala prezident ham uni muvaffaqiyatli va foydali deb ta’rifladi, Tramp esa hatto uni «ajoyib» deb atadi. Ammo jahon matbuoti uning natijalariga tanqidiy baho berib, suhbatni Vladimir Putinning navbatdagi g‘alabasi deb baholadi.
Donald Trampning Vladimir Putin bilan muloqotidan oldin Amerika yetakchisi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgan. Wall Street Journal manbasiga ko‘ra, ular o‘zlarining diplomatik strategiyalarini yana bir bor solishtirgan, bundan tashqari, Zelenskiy Trampni Putinni 30 kunlik otashkesimga ko‘ndirishga chaqirgan. Keyin Tramp o‘sha paytda Sochidagi «Sirius» o‘quv markazida bo‘lib turgan Putinga qo‘ng‘iroq qilgan.
Suhbat tarjimani hisobga olgan holda ikki soat davom etdi – bu to‘rt oy ichida ikki prezidentning telefon orqali eng uzoq davom etgan muloqoti bo‘ldi.
Muloqot yakunlari haqida avvaliga Vladimir Putin jurnalistlarga ancha vazmin ohangda gapirib berdi, keyin esa Tramp bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yaqqol entuziazm va optimizm bilan yozdi.
Ularning bayonotlaridagi gaplar bir-biriga to‘liq mos kelmaydi. Putin faqat Moskva Kiyev bilan o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tinchlik to‘g‘risidagi memorandum ustida ishlashni boshlashga tayyorligini aytdi. Tramp esa Moskva va Kiyevning tinchlik bo‘yicha muzokaralari «darhol», ikki tomon ishlab chiqqan shartlar asosida boshlanishi haqida yozgan.
Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatni tahlil qilarkan, jahon matbuoti optimizm uchun jiddiy sabablar topa olmadi.
«Hech qanday aniq natija yo‘q»
Ko‘plab nashrlar Putin va Tramp muloqot yakunlari bo‘yicha biror kelishuvga erisha olmaganiga e’tibor qaratmoqda. Ikki soatlik muloqot – va hech qanday muayyan natija yo‘q, deya ta’kidlaydi fransuzlarning Le Monde nashri.
Tramp va Putinning telefon muloqoti Rossiya-Amerika munosabatlarida Tramp – kichik hamkor ekani haqidagi og‘riqli eslatma bo‘ldi, deb yozadi Amerikadagi Atlantic jurnali.
Hatto ochiqchasiga Trampni qo‘llovchi konservativ Fox News ham «aynan qanday natijalarga erishilgani hozircha noma’lum ekani»ni qayd etgan.
Rossiya prezidenti bilan suhbatda sezilarli yutuqlar yo‘qligi Trampning shaxsiy xarizmasi va muzokaralar olib borish mahoratiga bo‘lgan ishonchi hozircha AQSh va Rossiya o‘rtasidagi chuqur kelishmovchiliklarni bartaraf eta olmasligi va prezident Putin tomonidan boshqariladigan murakkab siyosiy motivlarga ta’sir qila olmasligini ko‘rsatdi, deb yozadi New York Times.
Tramp yana «o‘z shaxsiyatining kuchi» va Putin bilan munosabatlari tarixiga e’tibor qaratmoqda, deb yozadi Associated Press. Ammo «shaxsiyat kuchi» urushni tugatish uchun yetarli emas: dushanba kuni ikki prezident o‘rtasidagi telefon suhbati har qanday ehtimoliy yutuq qanchalik uzoq ekanini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi CNN.
«Mana sizga Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi urushga chek qo‘ymoqchi ekanini isbotlashga majbur qilayotgan „shaxsiyat kuchi“», — deb kinoya bilan yozdi nashr.
Xotirjam Putin uchun yengil g‘alaba
Bir narsaga amin bo‘lish mumkin: Putin Tramp bilan muloqoti yakunlaridan mamnun bo‘lishi kerak, deya xulosa qiladi nemislarning Spiegel nashri.
Amerika prezidenti o‘zining zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi talablari va Moskva buni rad etgan taqdirda yangi sanksiyalar qo‘llash tahdidlarini eslamadi ham, deb yozadi britanlarning Guardian nashri: aftidan, Tramp yana Kremlga bosimni susaytirdi.
Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishib olishi kerakligini aytib, Tramp «Kremldagi do‘sti» tarafini oldi, deb hisoblaydi CNN telekanali sharhlovchilari.
CNN, shuningdek, Tramp yana Ukrainadagi urush xarajatlaridan shikoyat qila boshlaganini ta’kidlab, AQSh Kiyevga Jo Bayden ma’muriyati davridagidek harbiy yordam ko‘rsatmasligini qayd etdi. Bu yordamsiz Ukrainaning Rossiya bosqinini qaytarish borasidagi sa’y-harakatlari jiddiy cheklanadi, deya ta’kidlaydi telekanal.
Putin va Trampning telefon orqali muloqotlari ikki yetakchining shaxsiy aloqasini mustahkamlashga yordam beradi, deya ta’kidlaydi matbuot. Guardian Putin avval ham bir necha bor Trampni omma oldida maqtagani va hatto Amerika prezidentiga xushomad qilganini eslatgan. Rossiya prezidenti o‘tgan yil yozida prezidentlikka nomzodga suiqasd uyushtirishga urinishdan keyin «do‘sti uchun» ibodat qilganini aytgan. Dushanba kungi telefon muloqotida ham Putin Tramp bilan shaxsiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda davom etdi va uni o‘n birinchi nabirasi tug‘ilgani bilan tabrikladi.
Sochidagi musiqa maktabini Trampga qo‘ng‘iroq qilish joyi sifatida tanlab, Putin o‘ziga bo‘lgan ishonchni va kelishuv mavzusiga befarqligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, deb hisoblaydi Guardian. Uning kekkayishi jang maydonida kichik, ammo barqaror oldinga siljish, yevropaliklarning Moskvaning xatti-harakatlariga nomuvofiq munosabati va Rossiya iqtisodiyotining urush ehtiyojlariga tobora moslashib borayotgani bilan bog‘liq, deb yozadi Guardian.
Britaniyadagi boshqa bir gazeta — Times bu fikrni takrorlaydi. Befarqlikning bunday namoyishi — siljish kuzatilmayotgan tinchlik jarayoniga yana bir zarba bo‘ldi, deya sharhlaydi Times telefon muloqoti uchun tanlangan joyni.
AQSh muzokaralardan chiqadimi?
Telefon muloqoti oldidan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levit va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens agar tomonlar mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga jiddiy yondashmasa, AQSh o‘t ochishni to‘xtatishga urinishdan voz kechishini yana bir bor ta’kidladi.
«Tango uchun ikki kishi kerak, – dedi Vens Rossiya va AQSh prezidentlari o‘rtasidagi telefon suhbatidan biroz oldin. – Biz [urushni] to‘xtatishga urinib ko‘ramiz, lekin buning iloji bo‘lmasa, ertami-kechmi aytamiz: bilasizmi, shu vaqtgacha urinib ko‘rishdan ma’no bor edi, lekin endi biz bu bilan shug‘ullanmaymiz».
Financial Times nashrining Kremlga qo‘ng‘iroqdan keyin Trampning Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan suhbatidan xabardor bo‘lgan manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Vashington mojaroda vositachilik qilishdan uzoqlashishini va Rossiya va Ukrainaga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha mustaqil kelishuvga erishish imkonini berishini aniq qilib aytgan.
Gazetaning manbasiga ko‘ra, Yevropa yetakchilari Tramp ularga Putin bilan muloqoti haqida gapirib berganida taajjubga tushishgan.
Tramp Putin bilan suhbatdan so‘ng Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida Vatikan keyingi muzokaralar uchun maydon bo‘lishga tayyorligini eslatdi.
«Tramp, aftidan, o‘zining vositachilik vazifasini oliy kuchga — papaga — zo‘r ishtiyoq bilan topshirganga o‘xshaydi», deya kinoya qiladi New York Times.
Atlantic jurnali esa Trampning muzokaralardan chiqishga tayyorligida ijobiy jihatlarni ko‘rmoqda: uning mualliflari fikricha, Putin Trampning tinchlikparvar bo‘lish istagidan vaqtni cho‘zish va AQShning Kiyevga yangi qurollar yetkazib berishiga yoki Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun foydalanmoqda.
Sanksiyalar qamchisi va shirinligi
Assosiated Press xabariga ko‘ra, Tramp sanksiyalar va ularning bekor qilinishidan Rossiya uchun qamchi va pryanik sifatida foydalanmoqda.
Biroq, FT nashri o‘z manbasiga tayanib yozishicha, Amerika prezidenti yevropalik hamkasblariga Putin Rossiyani tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha barcha urinishlarni rad etgan taqdirda ham, AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishiga va’da bermagan.
Lekin bu sanksiyalar siyosatiga nuqta qo‘yildi, degani emas. Atlantic’ning yozishicha, agar AQSh muzokaralar jarayonidan chiqsa, respublikachilar zaif ko‘rinishni yoqtirmaydigan Trampga bosim o‘tkazishi yoki boshqa davlatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi mumkin.
Yevropa siyosatchilari allaqachon Moskvaga yangi sanksiyalar va’da qilmoqda. 20 may, seshanba kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bryusselda Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlaridagi hamkasblari bilan uchrashuv oldidan Putin vaqtni cho‘zayotganini va yangi sanksiyalar joriy etilishi kerakligini aytdi, deb xabar berdi Reuters axborot agentligi.
Mavzuga oid

23:48 / 20.05.2025
Putin va Tramp muloqoti: bu gal ham hech qanday natija bo‘lmadi

22:28 / 20.05.2025
Trampning savdo urushi: u Xitoyga yon berdimi?

20:43 / 20.05.2025
Zelenskiyning Trampni og‘dirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi – OAV

17:07 / 20.05.2025