Iqtisodiyot | 14:00 / 20.05.2025
759
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida ishlayotgan ayol menejerlarni qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida to‘qimachilik yo‘nalishida yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Joriy yilning 19 may kuni Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova, Germaniyaning Gesamtmasche uyushmasi raisi Silviya Yungbauer va Sequa kompaniyasi vakili Oana Steopan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Savdo-sanoat palatasi va Germaniyaning Gesamtmasche uyushmasi bir necha yildan beri O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari uchun o‘quv dasturlari hamda Germaniyada amaliy tajriba o‘tashga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bilan almashishdi. Jumladan:

◾️O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari uchun nemis uskunalaridan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalarni joriy etish;
 ◾️To‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan ayol menejerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
 ◾️O‘zbek-nemis to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida doimiy muloqot va tajriba almashinuvi uchun platforma joriy etish.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, joriy yil mobaynida qo‘shma tadbir o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishishdi.

Mavzuga oid