O‘zbekiston | 22:31 / 19.05.2025
2244
5 daqiqa o‘qiladi

19 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Surxondaryoda 2 ming dollardan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar, yana to‘rt oyga yopilgan «Dovut ota» chegara punkti va Toshkent metrosini TTZgacha olib borish rejasi bilan tanishgan prezident — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Dovut ota» chegara punkti yana 4 oyga yopildi

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktining yopilishi 1 sentabrga qadar uzaytirildi.

Qo‘shni davlat Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, mazkur qaror fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, nazorat-o‘tkazish punktida qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.

Bundan tashqari, may oyidan avgustgacha Qozog‘iston «Tajyen» va «Dovut ota» punktlari orasidagi neytral chiziqda yo‘l quradi. O‘zbekiston tomonida ham shunday ishlar rejalashtirilgan.

Qurilish ishlari olib borilayotgani munosabati bilan Qozog‘iston O‘zbekiston tomoniga chegaradan o‘tish cheklovini yana 4 oyga — 2025 yil 1 sentabrgacha uzaytirish taklifi bilan rasman murojaat qilgan. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

2025 yil 1 fevraldan boshlab «Tajyen»—«Dovut ota» nazorat-o‘tkazish punktlari orqali 3,5 tonnagacha yengil, yuk avtomobillari va avtobuslarning o‘tishi ta’mirlash ishlari tufayli vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Toshkent metrosi TTZgacha uzaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan.

Bu bo‘yicha avvalgi muhokamalarda prezident loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temiryo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi.

Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxt markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilyapti.

2 ming dollardan oshiq maosh olayotgan o‘qituvchilar

Surxondaryo viloyati ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Mamadiyev videoselektorda prezident savoliga javob berarkan, viloyatda 11 nafar o‘qituvchi 2 ming dollardan ko‘proq maosh olayotganini ma’lum qildi.

Prezident undan «Agar harakat qilsa, Surxondaryoda domla ming dollar olishi mumkinmi-yo‘qmi?» deb so‘radi. Bunga javoban boshqarma boshlig‘i hozirda Surxondaryoda 2 ming dollardan ortiq maosh olayotgan 11 nafar o‘qituvchi borligini aytdi.

«Undan tashqari, 600 ga yaqin ming dollardan ortiq oladigan o‘qituvchilarimiz mavjud. Bugungi kunda tuman-shahar ta’lim bo‘limlari va maktablarning direktorlari, ularning o‘rinbosarlari va boshqarmalar xodimlarining ham oyligini oshirib berdingiz», – deydi Husniddin Mamadiyev.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishdagi nutqida 8-12 mln so‘m maosh olayotgan o‘qituvchilar sonini aytib o‘tdi.

«Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti. Bunday o‘qituvchilar oxirgi 2 yilda 10 barobarga ko‘paygan», — dedi davlat rahbari.

Prezident bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashgani, yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshishini ta’kidladi.

Mavzuga oid