Jahon | 17:22 / 18.05.2025
2796
3 daqiqa o‘qiladi

Vatikanda yangi Rim papasining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi

Marosimga tashrif buyurgan xorij davlatlari yetakchilari orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, Yevrokomissiya rahbari, Ispaniya va Belgiya qirollari ham bor.

Foto: David Ramos / Getty Images

Vatikanda yangi Rim papasi Lev XIV ning lavozimga kirishish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim avvalida Lev XIV «papamobil»da Avliyo Pyotr maydonini aylanib, yig‘ilganlar bilan ko‘rishdi. Shundan keyin u Avliyo Pyotr bazilikasidagi qabr oldida messa (katoliklarda ibodat va shu ibodat vaqtida aytiladigan kuy) ijro etdi. So‘ngra Lev XIV ga papalik hokimiyatining ramzlari — «baliqchi uzugi» va qo‘y junidan tikilgan, ustiga xochlar tasviri tushirilgan lenta — palliy topshirildi.

Vatikanning ma’lum qilishicha, marosimga 150 mingga yaqin odam to‘plangan. Inauguratsiya ibodati davomida yangi Rim papasi tinchlik va birlikka da’vat etdi hamda «Yer resurslarini ekspluatatsiya qiladigan va eng kambag‘allarni chetga chiqaradigan» iqtisodiy haqiqatni qoraladi.

Rim papasining lavozimga kirishish marosimiga xorij davlatlari va diniy konfessiyalarning 150 dan ortiq delegatsiyalari tashrif buyurdi. Ular orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen, Ispaniya qiroli Filipp VI, Belgiya qiroli Filipp va boshqa qator dunyo yetakchilari ham bor.

Qayd etilishicha, marosimdan keyin Rim papasi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazadi. Ertaga ertalab esa Lev XIV Jyey Di Vens bilan ko‘rishadi. Bundan tashqari, Zelenskiy va Vens marosim doirasida bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishgan. Bu ularning fevral oxirlarida Oq uyda sodir bo‘lgan bahsidan keyingi birinchi uchrashuvi hisoblanadi.

Amerikalik kardinal Robert Prevo 8 may kuni yangi Rim papasi etib saylangan edi. U o‘ziga Lev XIV ismini tanlagan. Undan oldingi Rim papasi Fransisk esa 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etgandi.

Mavzuga oid