Jahon | 17:19 / 18.05.2025
1121
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda qariyb 300 mln kishi ochlik yoqasida ekani ma’lum qilindi

Ochlik inqirozining eng og‘ir bosqichida bo‘lganlarning 95 foizdan ortig‘i G‘azo sektori va Sudan hisobiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Anadolu/Getty Images

Dunyoning 53 mamlakatida qariyb 300 million kishi keskin oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, deb xabar bermoqda The Guardian.

Global Report on Food Crises hisobotiga ko‘ra, buning asosiy sabablari — qurolli mojarolar, gumanitar yordamning qisqarishi, iqtisodiy muammolar va iqlim falokatlarining oqibatlari.

Hisobotda keltirilishicha, 295,3 million kishi og‘ir oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekmoqda — bu tahlil qilingan mamlakatlar aholisining qariyb chorak qismidir. Inqirozning eng og‘ir bosqichida (IPC tasnifiga ko‘ra «falokat» darajasi) bo‘lganlarning 95 foizdan ortig‘i G‘azo sektori va Sudanda yashaydi.

G‘azo va Sudan bilan bir qatorda Haiti, Mali, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Pokiston, Efiopiya va Keniyada ham og‘ir ahvol kuzatilmoqda — ushbu hududlarda qurg‘oqchilik hamda mojarolar oziq-ovqat taqchilligini yanada kuchaytiryapti. Myanma, Nigeriya va Kongo Demokratik Respublikasi kabi 19 davlatda vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Bu yerda asosiy omil — qurolli to‘qnashuvlar va ichki beqarorlik.

Xalqaro gumanitar dasturlarni moliyalashtirish keskin kamaygan, ayniqsa AQSh tomonidan. Natijada Sudan, Yaman va Haitidagi 14 milliondan ortiq bola yordamdan mahrum bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, moliyalashtirish kamaytirilishidan avval ham hisobotdagi mamlakatlarning deyarli yarmi oziq-ovqat inqirozining og‘ir bosqichida bo‘lgan.

Avvalroq AQSh qashshoq mamlakatlar uchun ilgari yopilgan bir nechta oziq-ovqat dasturlarini tiklashi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid