Navoiyda ventilyatsiya tarmog‘i orqali oltin o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Holat “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-sonli Gidrometallurgiya zavodida kuzatilgan. Zavodning 3 nafar xodimi tarkibida 1,5 kg oltin bo‘lgan yarimtayyor mahsulotni havo tozalash quvuriga yashirib qo‘yishgan.

Navoiyda oltin o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan zavod xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-sonli Gidrometallurgiya zavodida faoliyat yurituvchi 2 nafar smena ustasi va 1 nafar bo‘linma apparatchisi oson boylik orttirish niyatida til biriktirishgan. Ular kelgusida talon-toroj qilish maqsadida tarkibida ko‘p miqdorda oltin moddasi mavjud bo‘lgan og‘irligi 2 kg yarimtayyor mahsulotni zavod ichidagi havo tozalash quvuriga yashirib qo‘yishgani aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlariga nuqta qo‘yildi.
Tegishli xulosaga ko‘ra, mazkur yarimtayyor mahsulot tarkibida jami 1 kg 523 gramm sof oltin borligi aniqlangan. Uning bahosi 2 mlrd 102 mln so‘mni tashkil etadi.
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid

17:35 / 04.06.2025
O‘zbekiston ketma-ket uchinchi oy eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

20:59 / 28.05.2025
Florida shtati oltin va kumushni to‘lov vositasi sifatida ishlatishga ruxsat berdi

12:26 / 26.05.2025
Birjaga chiqariladigan oltin hajmi oshiriladi

00:12 / 26.05.2025