Putin Turkiyaga «ikkinchi tarkib»ni yubordi. Bu nima degani?
Ikki kun avval e’lon qilgan videomizda Putin Turkiyadagi o‘zi taklif qilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaraga boradimi, deb savol qo‘ygandik. Bugun janob Putin Zelenskiyning yakkama-yakka uchrashish chaqiruvini rad etgani ma’lum bo‘ldi. Bundan xafsalasi pir bo‘lgan AQSh prezidenti Tramp ham Turkiyaga bormaydigan bo‘ldi. Quyida shu haqda.

«Ikkinchi tarkib»
Oxirgi vaqtlarda Rossiyaning urush borasida pozitsiyasiga aloqador xabarlar yarim kechasi chiqmoqda. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Kecha tunda Rossiyaning Istanbuldagi muzokaralarga boradigan delegatsiyasi tarkibi ma’lum bo‘ldi. Kreml saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, delegatsiyani xuddi 2022 yil martidagi kabi Putinning yordamchisi, tarixchi Vladimir Medinskiy boshqaradigan bo‘ldi. Boshqa a’zolar ham vazir o‘rinbosarlari va ekspertlar darajasida. Masalan, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Galuzin, mudofaa vaziri o‘rinbosari Fomin, bosh shtab boshqarma boshlig‘i Kostyukov. Ularga yana to‘rt ekspert qo‘shilib borgan. Ularni ko‘pchilik tanimaydi.
Putinning o‘zi Turkiyadagi muzokaraga bormaydi. Vaholanki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokarani tiklashni uning o‘zi taklif qilgandi. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya prezidenti Ukraina bilan muzokaraga «ikkinchi tarkib»ni yubordi. Hatto Lavrov va Ushakovning yo‘qligi inobatga olinsa, bu hatto ikkinchi tarkib ham emas.
Hozir Yaqin Sharqda bo‘lib turgan va arablar bilan trillion dollarlik shartnomalar imzolayotgan AQSh prezidenti Tramp agar Putin Turkiyaga borsa, u ham muzokaralarni kuzatish uchun Istanbulga borishini aytgandi. Biroq Putin bormasligini eshitib, xafsalasi pir bo‘lgan Tramp fikridan qaytdi. Ukraina esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga eng asosiy siyosatchilari bilan bordi: Zelenskiy, Sibiga, Umerov, Malyuk.
Bu nima degani?
Ko‘pchilikda savol paydo bo‘ldi: xo‘sh, Putin shaxsan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara taklif qilgandi, unda nega o‘zi qo‘shni davlat prezidentining bilan yakkama-yakka gaplashib olish taklifini qabul qilmadi? Katta ehtimol bu Rossiya muzokaralarga jiddiy e’tibor qaratmayotgani va urushni davom ettirishni istayotganidan darak beradi.
Unda nega janob Putin yarim kechasi jurnalistlarni yig‘ib Ukrainani Istanbulda uchrashishga taklif qildi? Balki Putin bu gal ham 2022 yil martidagi kabi Kiyev Umerov, Araxamiyalarni yuborar, Rossiyadan borgan Medinskiylar «Ukraina bilan kelishib bo‘lmadi», deb bayonot bergach, butun dunyoga «Mana, biz kelishishga harakat qildik, Kiyev ko‘nmadi», deyishni istagandir.
Biroq hozirgi kartina butunlay boshqacha. Ukraina qo‘shnisining taklifini qabul qilib, muzokaraga mayda-chuyda qilmay prezidentini yubordi. Ya’ni, endi dunyo ko‘z o‘ngida Ukraina beshta xalqaro tan olingan hududlarini yo‘qotish arafasida turganiga qaramay, tinchlikka intilayotgan mazlum, Rossiya esa qo‘shnisining beshta hududini egallab olgan bir holatda urushni tugatishni istamayotgan davlat.
«Ularning mandati qanaqa?»
Ukraina prezidenti Zelenskiy Turkiyaga borgan Rossiya delegatsiyasini soxta deb atab, unda ishtirok etayotgan rossiyalik diplomatlar mandatiga shubha bildirdi: «Rossiya delegatsiyasi darajasi juda soxta ko‘rinmoqda. Biz ularda qandaydir mustaqil qaror qabul qilish bo‘yicha mandat bor yoki yo‘qligini bilishimiz kerak. Biz esa eng yuqori darajadagi delegatsiya bilan kelganmiz. Uchrashuv formati prezident Erdo‘g‘an bilan muloqotdan keyin aniq bo‘ladi», dedi Zelenskiy samolyotdan tushgach jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.
Nima bo‘ladi?
Endi qiziq bir savol bo‘ladi: muzokaralar qanday tarkibda o‘tadi? Rossiyadan Putinning yordamchisi va bir qator vazir o‘rinbosarlari, Ukrainadan prezident, tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri, xavfsizlik xizmati rahbari, razvedka rahbari borgan. Siyosiy vazn toifasi bo‘yicha tarkib umuman bir-biriga mos emas.
Aytaylik, Ukrainadan Zelenskiy muzokarada qatnashsa-yu, Medinskiyga «O‘rtoqlar, biz sizga Donetsk va Luhanskni beramiz, siz Xerson va Zaporijjyadan chiqib keting», desa, Medinskiy qanday qaror qabul qiladi? Har gal yangi taklifdan keyin Putinga qo‘ng‘iroq qiladimi? Axir bu odamda ko‘pi bilan Rossiya maktablaridagi tarix darsliklariga «SVO» haqida band kiritish vakolati bor, lekin u Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan yerlar bilan savdolashish huquqiga ega emas-ku?
Xullas, mana shu jihatlar e’tiborga olinsa, Istanbuldagi uchrashuvda qandaydir kelishuv bo‘ladiganga o‘xshamaydi. Ishqilib biz adashayotgan bo‘laylik...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid

00:53
Istanbuldagi muzokaralar 16 mayga ko‘chirildi. Zelenskiy Ukraina delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi

23:58 / 15.05.2025
9 mln dollarni talon-toroj qilishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada qo‘lga olindi

23:46 / 15.05.2025
Rossiya Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimdan olindi

21:34 / 15.05.2025