Jamiyat | 17:37 / 13.05.2025
3137
3 daqiqa o‘qiladi

“Na ketishni bilamiz, na qolishni” - boysunliklar gaz hidi haqida

Energetika vazirligi 5 may kuni M25 konida yuzaga kelgan ulkan gaz favvorasi “aholiga xavf tug‘dirmaydi” deb bayonot berdi. 7 may kuni Boysun shahri markazida Kun.uz muxbiri mikrofon tutgan aholi vakillari esa buning aksini aytmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘rovda qatnashgan boysunliklarning katta qismi gaz hidi kelgan paytda ayniqsa yosh bolalarga qiyin bo‘layotganini aytdi.

Quyida – aholi vakillarining so‘zlaridan iqtiboslar keltirib o‘tiladi.

“O‘tgan safar ikkita qari bobo chiqib, hammasi zo‘r dedi, lekin unday emas. Yosh bolalarning ahvolini borib ko‘rsalaring bilasizlar. Yosh go‘daklar zaharlanib, judayam qiynalyapti”.

“Boysunimiz o‘ta toza, havosi zo‘r joy edi. Lekin hozir unday deya olmaymiz. Bolalar kasal, nima desangiz gazdan deydi. Bilmadim oxiri nima bo‘ladi... Bizga boylik ham, boshqa narsa ham kerak emas, sog‘lom bo‘lsak bo‘ldi”.

“Juda yomon, hamma zaharlanyapti. Maktablarda bolalar yiqilib qolyapti. Yondirgani bilan baribir ichki organizmda zaharlanish bo‘laveradi”.

“Shamol pastga qarab esayotgani uchun hozir hidi kelmay turibdi. Bo‘lmasa, tuxumning hidiga o‘xshab sasib ketadi. Bu yerdan ko‘chib ketaylik deb o‘ylayapmiz, lekin uy-joyni sotib ham bo‘lmayapti: xaridor yo‘q, kim oladi?”

“Kechasi uxlab bo‘lmayapti, onda-sonda hidi kelyapti”.

“Kondagi bosim juda katta ekan. Men bu bo‘yicha bilimga ega emasman, lekin bosim katta bo‘lgani uchun jilovlash qiyin deb o‘ylayman”.

“Gazlanyapmiz, ich ketishlari bo‘lyapti, bolalar bolnitsaga tushib qolyapti. Qiyin-da... Tunov kuni juda yomon hidi chiqqandi, portlagan ekan, ko‘p odamlarning mazasi qochdi”.

“Qo‘shni tumanlarga borib, 5-10 kunlab yashab kelyapmiz. Orada bir yopilgan edi, yana mana shu ahvol. Hozir Sherobodda turibman, shuyoqqa ham hidi boryapti, lekin bu yerdagidek emas. Kechadan oldin kuni bu yerda umuman turib bo‘lmas edi”.

“Boshimiz aylanyapti. Miyaning rivojlanishiga, ishlashiga zarar beryapti, zarari katta ekan. Ko‘chib ketishga ilojimiz yo‘q. Bolalarning immuniteti tushgan, qusadi. Shifoxonaga olib borsak, kislorod olishi kerak ekan, o‘pkasini tozalash kerak ekan. Uzoqqa olib ketishga pulim yo‘q”.

“Yoshlarning taqdiri nima bo‘ladi, shularni ko‘proq o‘ylayapmiz. Biron yechim qilish kerak. Xalq hozir sukunatda, na ketishini biladi, na qolishini. Hatto qurilishlarini ham to‘xtatib qo‘yishdi”.

Mavzuga oid