O‘zbekiston | 18:00 / 13.05.2025
6447
3 daqiqa o‘qiladi

“Biz ularga qo‘shila olmaymiz”. Xalq demokratik partiyasi parlamentda o‘zini muxolifat deb e’lon qildi

Qonunchilikka ko‘ra, hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiya fraksiyasi o‘zini muxolifat deb e’lon qilish huquqiga ega. XDP aynan shu imkoniyatdan foydalangan holda, muxolifat maqomini rasman qabul qildi va faoliyatini yanada qat’iyroq siyosiy pozitsiya bilan olib borishini ma’lum qildi.

Foto: Xalq demokratik partiyasi

O‘zbekiston siyosiy sahnasida muhim voqelik ro‘y berdi — Xalq demokratik partiyasi (XDP) rasman o‘zini parlamentda muxolifat deb e’lon qildi. Bu haqda partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov Qonunchilik palatasi yalpi majlisida rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, ular bu qarorga parlamentda shakllangan "Taraqqiyot bloki" va hukumatning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatdagi ayrim yo‘nalishlari bilan kelisha olmagani tufayli kelgan. Taraqqiyot bloki bir hafta avval O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyalari orasida tuzilgan edi.

Jumladan, strategik kompaniyalarning xususiylashtirilishi, pensiya tizimida bozor mexanizmlariga o‘tish, kommunal to‘lovlarda ijtimoiy himoya bo‘yicha strategiyaning yo‘qligi, uy-joy qurilishida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarining hanuzga qadar ishlab chiqilmagani va soliq islohotlarida tabaqalashtirish prinsipining amalda yo‘qligi partiyaning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

XDP fraksiyasi endi qonun loyihalari bo‘yicha muqobil takliflarini kiritish, hukumat dasturlarini tanqidiy baholash va parlament nazoratini kuchaytirish kabi vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shunga qo‘shimcha, partiya ijtimoiy tenglik va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan g‘oya va tashabbuslarini ilgari surishda davom etishini ta’kidladi.

Biroz oldinroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan edi. Mazkur qonun o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishni kafolatlaydi. Xalq demokratik partiyasining o‘zini parlamentda muxolifat deb e’lon qilishi shu voqealar fonida yuz berdi. Muxolifat sifatida faoliyat yuritish imkoniyati parlamentda turli fikrlarni erkin bildirish, taklif va yechimlar orqali qonunlarga ta’sir o‘tkazish imkonini beradi.

Mavzuga oid