Rossiya va Ukraina 2022 yildan buyon ilk muzokaralarga tayyorlanmoqda. Otishmalar davom etmoqda
Kiyev 12 maydan o‘t ochishni to‘xtatishni taklif etgandi (bu ro‘y bermadi). Moskva 15 may kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan (Ukraina rozilik bergan).

Tetiana Dzhafarova / AFP / Scanpix / LETA
Dam olish kunlarida Rossiya va Ukraina vakillari davom etayotganiga uch yildan oshgan urushga chek qo‘yish uchun bir nechta bayonot berdi. Tomonlar 8 may kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukrainadan 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilganidan so‘ng sa’y-harakatlarini faollashtirdi – aks holda AQSh va uning ittifoqchilari «qo‘shimcha sanksiyalar kiritardi».
O‘shanda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan «har qanday formatda» muzokaralar olib borishga tayyorligini aytgandi. Shu fonda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 9 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Jinpingga Rossiya oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligini aytgani haqida xabar berdi (avvalroq Tramp Xitoydan urushni to‘xtatishda yordam so‘rashini aytgan edi).
10 may kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga kelganida yangi burilish yuz berdi. Ular Volodimir Zelenskiy bilan birgalikda Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilishdi.
Telefon orqali 15 daqiqalik muloqotdan so‘ng Ukraina rasmiylari Kiyev va «barcha ittifoqchilar» 12 maydan boshlab kamida 30 kun davomida quruqlik, havo va dengizda o‘t ochishni to‘liq va so‘zsiz to‘xtatishga tayyorligini ma’lum qildi. Kreml bunga javoban Rossiya bu taklif haqida «o‘ylab ko‘rishi kerakligi»ni bildirdi. «Bu voqealarning yangi rivoji. Bizning o‘z pozitsiyamiz bor», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya pozitsiyasi 11 mayga o‘tar kechasi Vladimir Putinning videomurojaatida bayon etildi (u Moskva va Kiyev vaqti bilan tungi soat ikkida namoyish etildi).
«Biz Kiyev rasmiylariga 2022 yil oxirida ular to‘xtatgan muzokaralarni qayta boshlashni taklif qilamiz. Oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta tiklashni. Ortga surmasdan keyingi payshanba, 15 may kuni Istanbulda boshlashni taklif qilamiz. Ular ilgari o‘tkazilgan joylarda va ular to‘xtatilgan joylarda», – dedi Putin. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Ukrainaning 30 kunlik sulh taklifiga izoh bermadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Putinning nomini tilga olmagan holda, 11 may kuni shunday dedi: «Rossiyaliklar nihoyat urushni yakunlash haqida o‘ylayotgani yaxshi belgi… Rossiya ertadan, 12 may kunidan boshlab to‘liq, uzoq muddatga va ishonchli tarzda o‘t ochishni to‘xtatishini tasdiqlashini kutamiz va Ukraina uchrashishga tayyor».
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak esa avvaliga Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozilik bildirishi lozimligi, shundan keyingina «qolgan ishlar»ni muhokama qilishni boshlash mumkinligini aytdi. RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova bunga javoban Rossiya hukumati talabiga ko‘ra, avval Istanbulda «birlamchi sabablar bo‘yicha muzokaralar» boshlanishi, keyin esa «yarashuv haqida ham gaplashish mumkin bo‘lishi»ni aytib chiqdi. Fransiya, Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari yetakchilari ham Rossiyadan o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish qarorini kutayotganini aytishdi. Turkiya muzokaralar uchun maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Putin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv xohlamayotgani, balki «bu qonli hammomni tugatish ehtimoli bo‘yicha» muzokaralar olib borishga tayyorlanayotganini aytdi. Tramp Ukraina Putinning taklifiga «zudlik bilan» rozi bo‘lishini talab qildi. «Hech bo‘lmaganda, ular bitim tuzish mumkinmi yoki yo‘q – shuni aniqlab olishadi. Agar mumkin bo‘lmasa, unda Yevropa yetakchilari hamda AQSh vaziyat qandayligini ko‘radi va tegishli tarzda harakat qilishlari mumkin bo‘ladi!» – dedi Tramp. «Men Ukraina Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlash bilan juda band bo‘lgan Putinning taklifiga rozi bo‘lishiga shubha qila boshladim. Bu urushni AQShsiz yutib bo‘lmasdi (hatto yaqin ham bora olmasdi!) Uchrashinglar, hozirning o‘zida», – deya davom etadi AQSh prezidenti.
AQSh prezidentining bayonotidan so‘ng Volodimir Zelenskiy 15 may, payshanba kuni Turkiyada Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishga tayyorligini, shuningdek, Rossiya 12 may, dushanba kunidan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishini kutayotganini aytdi. «Bizda muzokaralar olib borishda hech qanday muammo yo‘q - biz har qanday formatga tayyormiz», – dedi Zelenskiy 11 may kuni kechqurun e’lon qilingan videomurojaatida. U «Putin bu safar nimadir qila olmasligi sabablarini izlamasligi»ga umid qilishini qayd etgan. «Biz urushni tugatish uchun gaplashishga tayyormiz. Payshanba kuni, Turkiyada», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ukrainadagi manbaning Axios nashriga ma’lum qilishicha, Putin 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa ham, Zelenskiy Istanbulga muzokaralarga boradi. Shu bilan birga, Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermak RBK nashriga bergan intervyusida Ukraina tomoni jangovar harakatlarni to‘xtatmasdan muzokaralarga kirish-kirmasligi haqida gapirmadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio 11 may kuni Buyuk Britaniya TIV rahbari Devid Lemmi bilan suhbatda Qo‘shma Shtatlarning Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha asosiy prioriteti — «harbiy harakatlarni yakunlash va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish» ekanini aytdi. Rubio Putin Rossiya va Ukraina muzokaralarini boshlash uchun taklif qilgan kuni Turkiyaga keladi — Davlat departamenti xabariga ko‘ra, u 14 maydan 16 mayga qadar Turkiyaning Antalya shahrida bo‘ladi.
12 maydan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarga qaramay, Rossiya qurolli kuchlari Ukraina hududini o‘qqa tutishni davom ettirmoqda. 12 mayga o‘tar kechasi RF qurolli kuchlari Ukraina bo‘ylab 100 dan ortiq dronlar uchirdi, deyiladi Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi xabarida. Rossiyalik harbiylar 11 mayga o‘tar kechasi, Putin Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan e’lon qilgan uch kunlik sulh muddati yakunlangach, Ukraina bo‘ylab zarbalarni tiklagandi.