Jahon | 18:19 / 11.05.2025
6428
9 daqiqa o‘qiladi

Ritorikasi o‘zgargan Tramp, Putindan ruxsat ololmagan Qodirov ­– ­hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 11 may, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta davomida dunyoda yana bir jiddiy urush boshlandi. Hozircha navbatdagi eskalatsiya havo urushi ko‘rinishida o‘tdi, lekin ikki tomonda ham yadroviy davlatlar turgani vaziyatni qo‘rqinchli qilib turibdi. Shuningdek, hafta davomida Tramp ritorikasini o‘zgartirib, endi Ukrainani tanqid qilmay qo‘ydi. «Barselona» «Oltin to‘p»ni yutishga ikki asosiy da’vogar futbolchisi bilan Chempionlar Ligasidan chiqib ketdi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan shu va boshqa muhim xabarlarni yodga olamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yana bir urush

O‘tgan haftadagi ko‘rsatuvimizda dunyo yana bir xavfli urush yoqasiga kelib qolganini aytgandik. Bu hafta nihoyat Kashmirdagi «porox bochkasi» portladi. 26 odam o‘ldirilgan teraktda Pokistonni ayblagan Hindiston qo‘shnisiga hujum qildi. Dehli hujumlar nishoni Kashmirdagi teraktni uyushtirgan guruhlar pozitsiyasi bo‘lganini ma’lum qildi. Pokiston ham qarab turmadi va Hindistonga raketa uchirdi, 5 ta qiruvchi samolyotni urib tushirdi.

Ikki davlat chegarasida ham otishmalar bo‘lib turibdi, lekin asosiy jang havoda kechdi. Havo urushida ikki tomondan 125 ta qiruvchi samolyot qatnashdi. Har ikki davlat uchoqlari qo‘shni mamlakat hududini kesib o‘tmagan. Ba’zi holatlarda 160 kmdan turib zarba berilgan. Pokiston mudofaa vazirligi hindlarning 5 ta qiruvchisi yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Bu aviatsiya zamonaviy tarixidagi eng yirik havo jangi bo‘lib tarixga kirdi.

Moskva aeroportlarida kollaps

9 maydagi g‘alaba paradiga mehmonlar kelishi arafasida Ukraina Moskvadagi aeroportlarga dron hujumi amalga oshirdi. 7 mayga o‘tar kechasi dron hujumi xavfi sabab Sheremetevo aeroporti reyslarni qabul qilishni to‘xtatdi. Keyinchalik Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlarida ham cheklovlar joriy etildi. Aviakompaniyalar Moskvaga boradigan reyslarni bekor qila boshladi. «Aeroflot»ning o‘zi Moskvaga uchadigan 54 ta, Moskvadan uchuvchi 52 ta reysni bekor qildi. Ukraina prezidenti Zelenskiy «Moskva osmoni haqli tarzda xavfli ekani»ni aytdi.

Hafta sargardoni – prezident Vuchich

Moskvadagi paradga eng katta qiyinchilik bilan yetib borgan mehmon Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bo‘ldi. Avvaliga Latviya va Litva Vuchichning Moskvaga uchajak samolyotiga o‘z osmonini ochmadi. Keyin Moskva aeroportlari dron hujumi sabab yopilgach, Vuchichning uchog‘i Bokuga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Uchoq Ozarboyjonda biroz turgach, Moskvaga uchib ketdi.

Qizig‘i, Vuchich bir necha kun oldin betobligi sabab AQShga safarini yakunlab, qaytishga majbur bo‘lgan va kasalxonaga yotqizilgandi. Serbiya prezidentining yuragi bezovta qilgani aytildi. Lekin u baribir Moskvaga safarini bekor qilmadi. Sadoqatni qarang.

Qodirovga ruxsat berilmadi

Ramzan Qodirov o‘zbekistonliklar orasida juda mashhur shaxs. Shu sabab uning atrofidagi mojaroni hafta voqealari qatoriga qo‘shdik. Xullas, kutilmaganda chechen davlat nashri Qodirov iste’fo so‘ragani haqida gapini e’lon qilib qoldi. Oldinroq mustaqil rus nashrlari Qodirov kasalxonada tunab qolayotgani, hali voyaga yetmagan o‘g‘lini o‘ziga voris qilishni istayotgani haqida yozib chiqqandi. Checheniston rahbari bu mish-mishlarga munosabat bildirarkan, qaytanga men o‘zim iste’fo so‘rayman, umid qilaman, uni qabul qilishadi, deb chiqdi.

Ko‘p o‘tmay ikki milliondan ortiq obunachisi bor Telegram-kanalida uni noto‘g‘ri tushunishgani, ishdan ketish-ketmasligini faqat Putin hal qilishini aytdi. Bu postiga o‘zi Putin bilan quchoqlashgani, o‘g‘illari Putin bilan ko‘rishgani aks etgan videoni ilova qildi.

Bir kun o‘tib esa Qodirov Kremlda Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuv yakunida «protokoldan tashqari uchrashuv» ham o‘tkazildi. Ramzan Qodirovning aytishicha, uchrashuvda Putin Mark Tvenning «Mening o‘limim haqida xabarlar bo‘rttirilgan», degan iborasini keltirgan ekan. Xullas, Putin Qodirovga iste’foga chiqishga ruxsat bermadi.

«Barselona» yarimfinalda qoqildi

Yevropa Chempionlar Ligasi joriy mavsumida g‘oliblik uchun asosiy da’vogar sifatida qaralgan «Barselona» musobaqani yarimfinalda to‘xtatadigan bo‘ldi. Birinchi o‘yinda o‘z maydonida Italiyaning «Inter» jamoasi bilan 3:3 o‘ynagan «Barsa» Milandagi javob bahsida 3:4 hisobida yengildi. Qizig‘i, 87-daqiqada Rafinya katalonlarning uchinchi golini urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqandi, biroq qo‘shib berilgan daqiqalarda Franchesko Acherbi, qo‘shimcha bo‘limlarda esa Davide Fratezi gol urib, «Inter»ni finalga olib chiqdi.

O‘yin qahramoni shubhasiz, «Inter»ni kurashda saqlab qolgan 37 yoshli markaziy himoyachi Franchesko Acherbi bo‘ldi. O‘n yillar avval ikki martalab saratonga chalinib, kasallikni yenggan, keyin o‘rtamiyona jamoalarda sarson bo‘lgan Acherbi «Barsa»ga qarshi o‘yin oxirida kutilmaganda raqib jarima maydonida paydo bo‘lib, uncha-muncha hujumchilar havas qiladigan gol urdi va jamoasini qutqarib qoldi.

Ikkinchi yarimfinalda PSJ «Arsenal»ni yengib, finalga chiqdi. Dunyo futbolidagi eng zo‘r musobaqaning bu yilgi g‘olibi 30 may kuni Myunxenda aniqlanadi.

Bu o‘yingacha «Barsa»ning ikki futbolchisi Lamin Yamal va Rafinya «Oltin to‘p»ni yutish uchun eng asosiy da’vogar bo‘lib turgandi. Ular musobaqani tark etgach, endi Usmon Dembele asosiy favoritga aylandi.

Tramp Zelenskiy bilan gaplashdi

Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefonda gaplashdi. Kiyev mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolagach, Tramp umuman Ukrainani tanqid qilmay qo‘ydi. Bu gal ham u Zelenskiy bilan «yaxshi muloqot o‘tkazgani»ni aytdi. AQSh va Ukraina liderlari muloqotda hech qanday sharsiz 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi diplomatiyaga yo‘l ochishi bo‘yicha yakdil fikrga kelgan. Biroq Moskva bu gal ham 30 kunlik sulh taklifini qabul qilmadi. Amerika nashrlariga ko‘ra, endi Tramp Rossiyaga iqtisodiy bosim o‘tkazish yo‘llarini izlashi mumkin.

Yevrouchlik Kiyevga bordi

10 may kuni Germaniya yangi kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Makron va Britaniya bosh vaziri ser Kir Starmer poyezdda Kiyevga bordi. Ular shu tariqa hamon Ukrainani qo‘llashda sobitqadam ekanlarini ko‘rsatishdi. Yevrouchlik yetakchilari Kiyevdan turib Zelenskiy va Polsha bosh vaziri Donald Tusk hamrohligida AQSh prezidenti Tramp bilan telefon orqali gaplashdi.

Bill Geyts hamma pulini xayriya qiladi

Uzoq yillar dunyoning eng boy odami bo‘lgan, Microsoft asoschisi Bill Geyts keyingi 20 yil ichida bor boyligini xayriyaga sarflashini e’lon qildi: Gates foundation hisobidagi 200 milliard dollar atrofida pul turli xayriya dasturlariga yo‘naltiriladi. 2045 yil 31 dekabrga borib fond barcha pulini sarflab, yopiladi.

Milliarder pullarini yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, ayollar o‘rtasidagi kasalliklarni davolash, kambag‘allarga yordam berishga sarflamoqchi. «Odamlar o‘limimdan keyin men haqimda ko‘p gapirishadi. Meni eslashganda u boy holatda o‘ldi deyishlarini istamayman», degan Geyts.

Bill Geyts xayriya fondiga 2000 yilda asos solgan. U hozirgacha OITS, sil va bezgakka qarshi kurash uchun 100 milliard dollardan ko‘proq sarflagan. Ayni damda milliarderning shaxsiy boyligi 108 milliard dollarni tashkil etadi. Avvaliga milliarder uning pullari o‘limidan keyin ham odamlarga yordam berishini istagan, lekin endi barchasini ko‘zi ochiqligida sarflab qolmoqchi ko‘rinadi.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi ­­­­– Faxriddin Hotamov.

 

Mavzuga oid