Jahon | 19:01 / 07.05.2025
2248
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya va Isroil BAA vositachiligida yashirin muzokaralar olib bormoqda - Reuters

Suriya xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali amaldorga ko‘ra, muzokaralar kanali faqat xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.

Foto: Reuters

Suriya va Isroil BAA vositachiligida tashkil etilgan aloqa kanali orqali muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, muloqotlar ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga qaratilgan va u birinchi navbatda xavfsizlik masalalarini muhokama qilishni o‘z ichiga oladi.

«Aloqa kanalini tashkil etish tashabbusi Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a 13 aprel kuni BAAga rasmiy tashrifni amalga oshirganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda.

Suriya xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali amaldorning so‘zlariga ko‘ra, kanal faqat xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan. Shu bilan birga, muzokaralarga BAA xavfsizlik xizmatlari, Suriya razvedkasi va Isroil razvedkasining sobiq xodimlari jalb etilgan.

Suriya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar fevral oxirlarida, Damashq yaqinidagi aholi punktida o‘tish davri hukumatining xavfsizlik xodimlari va o‘z-o‘zini mudofaa qilish kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan keyin keskinlashgan.

2 may kuni Isroil qiruvchi samolyotlari Damashqdagi prezidentlik saroyi atrofidagi hududlar bo‘ylab zarbalar berdi. Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi kunlarda Suriyada dinlararo shafqatsiz zo‘ravonliklar qurboni bo‘lgan, diniy ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish maqsadida qilingan.

Ma’lumot uchun, druzlar bu — Yaqin Sharq mintaqasidagi qadimiy elatlardan biri, yahudiylarga o‘xshab ham millat, ham dinni uyg‘urlashtirgan shakldagi bir guruh hisoblanadi. Ular o‘ziga xos yopiq madaniyatga ega. Ular asosan Yaqin Sharq (Livan, Suriya, Isroil)da tarqalgan sirli va yarim-yopiq diniy-falsafiy oqimdir.

Mavzuga oid