«Harri Trumen» aviatashuvchisi bortidan yana bir qiruvchi samolyot Qizil dengizga tushib ketdi
Uni boshqargan ikki uchuvchi katapultadan foydalanishga ulgurib qolgan. Cho‘kib ketgan samolyot qiymati 60 mln dollardan oshadi.

Foto: US Navy
AQSh Harbiy havo kuchlari «Harri Trumen» aviatashuvchisida bo‘lgan yana bir F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyotidan ayrildi. Bu haqda CNN telekanali vaziyatdan xabardor besh nafar manbasiga tayanib xabar berdi.
Sodir bo‘lgan voqea sabablari aniqlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap samolyotning aviatashuvchi palubasiga qo‘nishini ta’minlaydigan qurilmadagi texnik nosozligi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. F/A-18ʼning ikki ekipaji qo‘nish vaqtida katapultani ishga tushirishga ulgurib qolgan, ular qutqaruv vertolyoti yordamida bortga olib kelingan. Qiymati 60 million dollardan oshadigan qiruvchi samolyot Qizil dengizga cho‘kib ketgan.
Aprel oxirlarida ham F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyoti Yaman husiychilariga qarshi operatsiya doirasida Qizil dengizda suzib yurgan «Harri Trumen» aviatashuvchisi palubasidan suvga tushib ketgandi.
2023 yil kuzdan beri Yaman husiychilari muntazam ravishda Qizil dengizdagi fuqarolik va harbiy kemalarga hujumlar uyushtirib kelmoqda. O‘sha yilning noyabrida guruh Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum uyushtirilishini aytib, o‘z harakatlarini «Amerika—Isroilning G‘azo sektoridagi bosqinchiligiga javob» deb atagan.
2025 yil 15 martdan beri AQSh Markaziy qo‘mondonligi kuchlari husiychilarga qarshi operatsiya o‘tkazmoqda. Ushbu kampaniya doirasida «Harri Trumen» aviatashuvchisi bir necha bor hujumga uchragan. Shuningdek, AQShning boshqa harbiy kemalariga ham zarbalar berilgan.
6 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Yaman husiylari endi jang qilishni istamayotgani, shuning uchun Qo‘shma Shtatlar ularning pozitsiyalariga zarba berishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid

21:37 / 08.05.2025
Britaniya birinchi bo‘lib AQSh bilan «savdo bitimi» tuzdi

21:34 / 08.05.2025
Moskva va Vashington Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishni tiklash variantini muhokama qilmoqda

19:54 / 08.05.2025
AQShda salkam 50 yil oldin sodir etilgan qotillik tamaki qutisidagi barmoq izlari orqali fosh qilindi

18:00 / 08.05.2025