«Qamoqxonalar qamoqxonasi». Tramp qayta tiklamoqchi bo‘lgan Alkatras haqida nimalar ma’lum?
Bu orolda XIX asr o‘rtalarida AQShning g‘arbiy sohilidagi birinchi mayoq qurilgan bo‘lib, u Tinch okeanidagi kemalarga yo‘l ko‘rsatgan. Xuddi o‘sha paytlarda u yerda Kaliforniyani dengiz hujumlaridan himoya qiladigan, yuzlab to‘plarga ega qal’a qurilgan.

Foto: Getty Images
Ammo Alkatras Shimoliy Kaliforniyadagi San-Fransisko ko‘rfazi ustidagi bu qoyada AQShning eng ashaddiy gangsterlari uchun qattiq rejimli federal qamoqxona joylashgan yillarda mashhur bo‘ldi.
1934 yildan 1962 yilgacha «Qoya» deb nomlangan bu qamoqxonaga qit’adagi boshqa qamoqxonalarga joylashtirish uchun haddan tashqari xavfli deb hisoblangan jinoyatchilar o‘tkazilgan.
Bu yerdan eng mashhur qochish 1962 yilda ro‘y bergan va unda ishtirok etgan uch mahbus haqida boshqa hech kim eshitmagan. Shundan keyin qamoqxona yopilgan, ammo u haqidagi afsonalar guvohlarning xotiralari va Hollivud filmlari tufayli yashashda davom etmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp «Amerikaning eng shafqatsiz va tajovuzkor jinoyatchilari»ni saqlash uchun Alkatrasni qayta ochish va kengaytirishni buyurdi.
Butun dunyoga mashhur bo‘lishiga qaramay, Alkatras haqida ko‘pchilik bexabar bo‘lgan faktlar bor.
Namunali qamoqxonami?

Hech narsa unmaydigan qoyalardan iborat Alkatras orolidagi qal’a 1859 yilda qurilgan.
Keyinchalik bu yer harbiy qamoqxonaga aylantirilgan. Rasmiylar San-Fransisko ko‘rfazidagi kuchli oqimlar va sovuq suv tufayli undan qochishning imkoni yo‘q deb hisoblashgan.
1912 yilga kelib bu yerda dunyodagi eng katta temir-beton bino paydo bo‘ladi.
1933 yildan boshlab Alkatras alohida turdagi qamoqxona sifatida obro‘ qozondi: u AQSh axloq tuzatish federal byurosi tomonidan «qamoqxonalar qamoqxonasi» deb nomlangan.
Amalda, bu AQShning boshqa qamoqxonalarida ushlab turish uchun juda itoatsiz bo‘lgan mahbuslar shu yerga yuborilishini anglatardi.

Bu yerda 1×3 saqlash tizimi deb ataladigan tizim sinovdan o‘tkaziladi, unga ko‘ra har uch mahbusga bitta qo‘riqchi to‘g‘ri kelardi. Keyinchalik bu tizim boshqa federal qamoqxonalarga ham tatbiq etiladi.
Qamoqxonaning birinchi boshlig‘i Jyeyms Jonston bo‘lib, u qamoqxonadagi asosiy narsa mahbuslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy reintegratsiya qilish emas, balki qattiq intizom deb hisoblagan. Uning qoidalariga ko‘ra, har bir mahbusga alohida kamera ajratilgan, lekin, albatta, uning qulayligi uchun emas: Jonston qamoqda yakkalab qo‘yish – bu fitna va qochishning oldini olishning yaxshi usuli deb bilardi.
Amaldagi qoidalarning eng dahshatlisi, qamoqxona aholisining tajribasiga ko‘ra, favqulodda sukunat qoidasi edi: mahbuslarga faqat dam olish kunlari dam olish paytida gaplashishga ruxsat berilardi. Qoidalarni buzganlarni «yama»ga – mahbusni haftalab ushlab turishlari mumkin bo‘lgan yerosti kamerasiga jo‘natishgan.
Kichik raqamlar, katta nomlar
AQSh qamoqxonalar federal byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Alkatrasdagi mahbuslar soni har doim muassasaning maksimal sig‘imidan past bo‘lgan.
Bu yerda o‘rtacha 260 dan 275 nafargacha mahbus saqlangan, bu federal qamoqxonalardagi jami mahbuslarning 1 foizidan kamrog‘ini tashkil etardi. Ammo mahbuslar soni kam bo‘lsa-da, panjara ortidagilarning ismlari mashhur edi: ularning aksariyati Buyuk inqiroz davridagi uyushgan jinoyatchilik guruhlari vakillari edi.
Eng mashhuri, shubhasiz, Chikagodagi mashhur mafiya sindikatini boshqargan gangster va kontrabandachi Al Kapone bo‘lgan.
Kapone Atlantadagi qamoqxonada ekanida jinoiy faoliyatni boshqarishda davom etgan deb topilgani uchun Alkatrasga yuboriladi. Alkatras qamoqxonasida u to‘rt yildan sal ko‘proq vaqt qoladi, zahm kasalligiga chalinganidan keyin boshqa muassasaga o‘tkaziladi.
Shon-shuhrati qamoqxona yo‘laklaridan tashqariga chiqqan yana bir shaxs qotillikda ayblanib sudlangan Robert Stroud edi.
Uni qushlarga bo‘lgan muhabbati uchun «Alkatras ornitologi» deb atashgan. Avvalgi qamoq joyida, Kanzasda u bir nechta qush boqqan, ammo Alkatrasda bu taqiqlangandi va u kitoblardan ornitologiyani o‘rganishga majbur bo‘lgan.

«Dahshatli» laqabli gangster Elvin Karpis 1930-yillarda FQB ro‘yxatidagi «1-raqamli xalq dushmani» sanalgan va Alkatrasda eng uzoq yashagan mahbus bo‘lgan – u 25 yil-u bir oy qamoqda o‘tirgan.
Bu kameralarni gangster Jorj «Pulemyot Kelli» Barns ham, 1950-yillarda Kapitoliyga qurolli hujumda qatnashgan Puerto-Riko millatchi partiyasi a’zosi Rafael Kansel Miranda ham ko‘rgan.
Qochishlar va hafsala pir bo‘lishi
Me’morlar Alkatrasni qochib bo‘lmaydigan qamoqxona sifatida o‘ylab topgandi – elektrli devorlari, tikanli simlar, qurollangan qo‘riqchilar turgan minoralar va atrofdagi muzdek okean suvi.
Ammo bu o‘nlab mahbuslarning qochishga urinishiga to‘sqinlik qilmadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb o‘ttiz yil ichida 36 kishi ishtirok etgan 14 ta urinish amalga oshirilgan. Federal qamoqxonalar byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 kishi qo‘lga olingan, olti kishi qochish chog‘ida otib tashlangan, yana ikki kishi cho‘kib ketgan.
Ammo qochishga uringanlardan besh nafari topilmagan: rasmiylar ularni bedarak yo‘qolgan deb hisoblasa-da, ba’zilar ular qochishga muvaffaq bo‘lganini taxmin qiladi.
Birinchi qochishga urinish 1936 yilda, qamoqxona ochilganidan ikki yil o‘tib ro‘y bergan: lekin bu u oddiy va ilojsiz urinish edi. Jo Bauers ismli mahbus qamoqxona devoriga chiqishga qaror qiladi va pastga tushish buyrug‘iga bo‘ysunishdan bosh tortganidan keyin qo‘riqchilar tomonidan otib tashlanadi.
O‘n yil o‘tgach, yanada puxta o‘ylangan ikkita urinish amalga oshiriladi.
1945 yilda Jon Jaylsning qochishga urinishi deyarli amalga oshgandi. O‘g‘irlangan harbiy kiyim va qalbaki hujjatlar yordamida u harbiy kemaga o‘tirib, materikka yetib olishga muvaffaq bo‘lgan, biroq rasmiylar uning kiyimi boshqalarnikidan farq qilishini payqab, uni hibsga olgan.
1946 yilda qamoqxona tarixidagi eng dahshatli qochishning oldi olinadi - bu voqea «Alkatras jangi» sifatida tarixda qolgan. Olti nafar mahbus o‘qotar qurolni qo‘lga kiritgan, ikki qo‘riqchini o‘ldirgan va yana 18 kishini yaralagan. Lekin qochib qutulolmagan.
So‘nggi ikkita urinish 1962 yilda sodir bo‘ladi va Alkatras qamoqxonasi taqdirini hal qiladi: dastlab mahbuslar Frenk Morris va aka-uka Klarens va Jon Englin qochib ketishadi va keyinchalik qo‘shni orolda topilgan ba’zi narsalarni hisobga olmaganda, izsiz g‘oyib bo‘lishadi. Hisobotda ular «cho‘kkani taxmin qilingan» deb yozilgan.
Keyin Jon Skott va Darl Parker yerto‘ladagi oshxona orqali qochishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo ular orol yaqinida, suvdaligida qo‘lga olinadi.
Hollivud mahsulotlari
Odamlarda Alkatras haqidagi tasavvurlar Hollivud filmlari bilan oziqlangan bo‘lib, bunday filmlar doim ham tarixchilar va hujjatli filmlar tomonidan qayd etilgan faktlarga mos kelmagan.
«Alkatras» ko‘plab kitoblar va filmlarda tasvirlanganidek, Qo‘shma Shtatlarning «la’natlangan qamoqxonasi» emasdi. Aslida, ko‘plab mahbuslar u yerda yashash sharoitlarini, masalan, alohida kameralarni boshqa federal qamoqxonalarga qaraganda yaxshiroq deb topgan», – degan Federal qamoqxonalar byurosi matbuot kotibi.
«Qoya» haqidagi eng mashhur filmlardan biri – 1979 yilda Klint Istvud ishtirokidagi «Alkatrasdan qochish» filmi bo‘lib, unda Frenk Morris va aka-uka Englinlarning qochishga urinishi tasvirlangan. Filmning syujyeti shuni ko‘rsatadiki, ular materikka suzib borishga muvaffaq bo‘lgani haqida aniq dalillar hali ham yo‘q.
Ornitolog Straud o‘z mashhurligi uchun 1972 yilda Bert Lankaster bosh rolni o‘ynagan film uchun ssenariyga aylantirilgan biografik matndan minnatdor bo‘lishi kerak.
«Birinchi darajali qotillik» filmida Alkatras mahbusi Anri Teodor Yang kichik jinoyati uchun qamoqqa tashlangan yetim sifatida tasvirlangan, holbuki hayotdagi Yang ko‘plab jinoyatlar sodir etgan, qamoqxonada esa kameradoshini ham o‘ldirgan.

Foto: Bettmann/Getty Images
Keyingi o‘n yilliklarda oroldagi qamoqxona Nikolas Keyj va Shon Konneri ishtirokidagi «Qoya» (1996) filmi, uning nomi bilan atalgan videoo‘yin va 2012 yilda yagona mavsumi chiqqan «Alkatras» teleseriali olingan joy bo‘ldi.
Qamoqxona nega yopilgandi?
1963 yilda Alkatrasning yopilishiga asosiy sabab uni saqlash xarajatlari edi. AQSh Adliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, dengiz tuzi yemiradigan binolarni ta’mirlash uchun 5 million dollar, har bir mahbusni saqlash uchun esa kuniga deyarli 10 dollar sarflanar, bu boshqa jazoni ijro etish muassasalarining xarajatlaridan ancha ko‘p edi.
Rasmiy yopilishdan keyin ham orol uzoq vaqt kimsasiz qolmadi: «Barcha qabilalarning aborigenlari» tashkilotiga birlashgan bir guruh hindu faollari orolni egallab olishdi va unda maktab va madaniy markaz tashkil qilmoqchi bo‘lishdi. Ular XIX asrda AQSh hukumatiga qarshilik ko‘rsatgan hindu yo‘lboshchilari saqlangan orolga tarixiy huquqqa egaliklarini aytishardi.
Ammo bu loyiha moliyaviy qiyinchiliklar – xususan, orolga materiallar va asboblarni yetkazib berish qimmatligi, shuningdek, faollar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va nihoyat kuchli yong‘in tufayli to‘xtab qoldi. Natijada AQSh prezidenti Richard Nikson 1971 yilda oroldagi odamlarni evakuatsiya qilishga buyruq beradi.
Bugungi kunda Alkatras – San-Fransiskoning diqqatga sazovor maskanlaridan biridir: orolga har yili o‘rtacha 1,3 mln sayyoh tashrif buyuradi. Bu yerda har yili «Alkatrasdan qochish» nomli triatlon o‘tkaziladi, unda yuzlab sportchilar tegishli tayyorgarlik va jihozlarga ega holda mash’um oroldan qochib, materikkacha eson-omon yetib olish mumkinligini namoyish etishadi.
Mavzuga oid

21:12
Tramp neft narxi pasayishi Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasini yumshatishi haqida gapirdi. Moskva rad etdi

15:55 / 05.05.2025
Tramp uchinchi muddat, tinchlik muzokaralari va savdo urushi oqibatlari haqida gapirdi

10:26 / 05.05.2025
Tramp "Alkatras" qamoqxonasini qayta ochishni buyurdi

14:15 / 04.05.2025