O‘zbekiston | 22:47 / 02.05.2025
3427
6 daqiqa o‘qiladi

2 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Uyida portlovchi qurilma yasagan navoiylik erkak, Toshkentda boshlangan «Gullar festivali», “Damas” zavodi bo‘yicha katta yangilikni aytgan prezident — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Uyida portlovchi qurilma yasagan shaxs

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida internetdan ko‘rib, qo‘lbola usulda uchta portlovchi qurilma yasagan 44 yoshli erkakka sud hukmi o‘qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, yanvar oyida Xatirchi tumani huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilganida, Baxshijar mahallasida yashovchi fuqaro o‘z uyidagi sandiqda qo‘lbola usulda yasalgan 3 dona portlovchi qurilmani saqlab kelayotgani aniqlangan.

Ayblanuvchi ushbu portlovchi qurilmalarni o‘tgan yilning mart oylarida internetda ko‘rish orqali yasagan. Ekspertiza topilgan qurilmalar «elektr cho‘lg‘amlik portlatish qurilmalari» ekani to‘g‘risida xulosa bergan. Sudda fuqaro mazkur qurilmalarni Oltinsoy qishlog‘ining dasht hududidagi oltin konini portlatish maqsadida yasaganini bildirgan.

«Uyimda ancha yillardan qolib ketgan porox, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan o‘g‘it va 3 dona elektr kabelidan foydalanib, ularni skotch yordamida birlashtirgan holda portlovchi qurilma yasadim. Lekin uni biror marotaba ham ishlatmadim. Chunki shundan keyin biror marotaba konga bormadim. Toshkent shahriga ketib, qurilishlarda ishlab yurdim. Qurilmalarni esa uydagi sandiqqa solib qo‘ydim», degan erkak o‘z ko‘rsatmasida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi hukmiga ko‘ra, ushbu fuqaro Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Toshkentda «Gullar festivali»

Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Alisher Navoiy kutubxonasi oldidagi maydonda tashkil etilgan «Gullar festivali» davom etmoqda.

Joriy yil u yerda 2,5 milliondan ortiq gul, butalar va dekorativ landshaftlardan foydalanildi. Festivalda gullar bilan bezatilgan «Mustaqillik monumenti», gigant kapalak va 18 metrli samolyot kabi ko‘plab kompozitsiyalar mehmonlarni o‘ziga jalb etmoqda.

Shuningdek, festival maydonida maxsus ravishda joylashtirilgan gul tunnellari, osma gullar va installyatsiyalar: 10 mingga yaqin daraxt va butalar, yozgi gulli kompozitsiyalar va foto-zonalar mavjud.

Yunusobod tumani, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maydonida tashkil qilingan Toshkent «Gullar festivali» 3 mayga qadar davom etadi. Kirish bepul.

Toshkent—Urganch aviaqatnovlari ikki karra oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys qo‘yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

Ta’kidlanishicha, mahalliy reyslarning 95 foizi «Havo yo‘llari» va «Silk avia» aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Qolgan 14 ta reysni to‘rtta mahalliy aviakompaniya amalga oshiryapti. Sababi, ichki reyslar jozibador emasligi uchun xususiy kompaniyalar asosan xorijga qatnamoqda. Ichki bozorda raqobat bo‘lmagani uchun, Toshkent-Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmaydi, narxi qimmat.

«Bu holatda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyohlar ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi», — dedi prezident.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga xususiy kompaniyalarni jalb qilib, Toshkentdan Urganchga qatnovlarni 2 karra oshirish topshirildi. Barcha rezident kompaniyalarga ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish vazifasi qo‘yildi.

«Damas» zavodida yangi avtomobil ishlab chiqariladi

Prezident Xorazm viloyatidagi yig‘ilish davomida Tuproqqal’a tumanida joylashgan «Damas» zavodida 7 o‘rindiqli, Yevro-5 ekologik standartiga mos avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Bu zavodda 100 million dollar hisobiga bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi.

Mutasaddilarga joriy yilda hamkorlar bilan muzokarani yakunlab, keyingi yilda yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarishni boshlash, 2027 yilda to‘liq siklga o‘tib, mahalliylashtirishni 50 foizga olib chiqish topshirildi.

Aynan qanaqa modeldagi avtomobil haqida gap ketayotgani ma’lum emas. Shuningdek, «Damas» ishlab chiqarish davom ettiriladimi-yo‘qmi, bu ham savol ostida.

YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan ayollar

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanida bir guruh fuqarolar YPX xodimlariga qarshilik qilib, janjal ko‘targani aks etgan video tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra, haydovchi qarama-qarshi yo‘lakdan harakatlanib kelgan avtomashinaga yo‘l bermasdan harakatlangani uchun xodim Lacettiʼni to‘xtatgan. Inspektor haydovchilik hujjatlarini so‘raganida taqdim etmasdan qarindoshlari bilan xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan Jinoyat kodeksining «bezorilik» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Jinoyat ishi doirasida uch nafar gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Ushlanganlarning ikki nafari ayol kishi.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mavzuga oid