YeChLda yana bir supero‘yin. «Barselona» va «Inter» jami 6 ta gol urishdi
Katalonlar o‘yin ikki to‘p farqini birinchi bo‘limning o‘zida yo‘qqa chiqarishdi. Bu – Chempionlar ligasining oltin fondidan o‘rin oladigan yana bir o‘yin bo‘lib qoldi.

Foto: AFP
Chempionlar Ligasi. Yarimfinal, birinchi o‘yin
«Barselona» – «Inter» 3:3
Gollar: Yamal 24, Torres 38, Zommer (avtogol) 65 – Tyuram 1, Dyumfris 21, 64
«Barselona»: Shchensni, Martin (Arauxo 46), Martines, Kubarsi (Kristensen 83), Kunde (Garsiya 42), Pedri (Gavi 83), de Yong, Olmo (Lopes 67), Rafinya, Torres, Yamal
«Inter»: Zommer, Bastoni, Acherbi, Bisek, Dimarko (Karlos Augusto 55), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Frattezi 71), Barella, Dyumfris (Darmian 81), Tyuram (Zelinski 81), Martines (Torimiy 46)
Ogohlantirishlar: Kubarsi 70 – Chalxono‘g‘li 59
Hans-Diter Flik Ispaniya kubogi finalidagi g‘alabadan keyin shogirdlarida navbatdagi muhim o‘yin uchun energiya yetishi borasida xavotirda bo‘lgani tayin. Ammo u bunday yomon startni kutmagani aniq – «Barselona» 33-soniyadayoq gol o‘tkazib yubordi. «Inter» mezbonlarning yuqori joylashgan himoya chizig‘idagi xatodan foydalandi. Hujumning ikkinchi tempida Barella Kunde qaytargan to‘pni egalladi va o‘ng qanotga, Dyumfrisga uzatdi, u esa jarima maydoni markazida turgan Tyuramni topdi. Jarohatidan yaqinda forig‘ bo‘lgan fransuz hujumchisi esa shunchaki ajoyib o‘ynadi. Uning tovoni bilan urgan goli Chempionlar ligasining bu mavsumdagi eng yaxshi goli deb topilishi mumkin. Bu vaziyatda «Barsa» markaziy himoyachisi Martines yiqilib tushgani ham unga qo‘l keldi.
Ko‘k-anorranglilar darhol oldinga tashlandi va raqibni jarima maydoni ichiga qamab qo‘yishga harakat qildi, kuchli pressing uyushtirildi va to‘p tez qaytarib olinaverdi. «Neradzurrilar» jarima maydoni ichida de Yong va Yamal yiqilib penalti so‘rashdi, ammo hakam ularga ishonmadi. Vaziyat mezbonlarning goliga qarab ketayotgandi, «Barsa»ning standart vaziyatlari ham xavfli tus olgandi. Ammo birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Inter» burchak zarbasidan ikkinchi golini urdi. Birinchi golga assistentlik qilgan Dyumfris jarima maydoni ichida Acherbi tashlab bergan to‘pni akrobatik uslubda darvoza to‘riga yo‘lladi.
«Barselona» muxlislari tinchib qolishdi. Bo‘lim davomida o‘yinning 70 foiz vaqtida to‘pga egalik qilgan va tinimsiz kombinatsiya uyushtirgan Flik shogirdlari «Inter» jarima maydoniga markazdan yorib kira olishmadi, mehmonlar bu hududni markaziy himoyachilar uchligi, shuningdek havbeklar va forvardlar orqali betonlab qo‘ygandi.
Shunday pallada Yamal katta sahnaga chiqdi. Ushbu o‘smir amalga oshirgan harakatlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. «Barsa» hujum chizig‘idagi asosiy voqealar o‘ng qanotda ro‘y bera boshladi. Avvaliga Lamin Dimarkoni hamda uning ortidagi Mxitaryan va Bastonini dog‘da qoldirib, xavfli zarba yo‘lladi. Ko‘p o‘tmay esa baribir shedevr golini urdi: to‘pni Tyuramdan olib qo‘yib oldinga yurdi, Genrixni aldab o‘tdi va himoyachilar ortidan kutilmaganda zarba berib qoldi – to‘p avvaliga ustunga tegdi, keyin darvoza to‘riga borib tushdi. Zommer joyidan qimirlay olmadi.
Birinchi bo‘lim Yamalning benefisiga aylandi. 17 yoshli futbolchi goldan keyin ham yana bir reyd amalga oshirdi, yana fintlari bilan Dimarkoni boshini aylantirib tashladi, ammo bu safargi zarbasi to‘singa tegdi. Tanaffus arafasida esa «Barsa» boshqa yulduzlarining sa’y-harakatlari bilan hisobni tenglashtirdi. Pedri to‘pni jarima maydoniga oshirdi, Bissekk Rafinya to‘pni markazga tashlab berishiga xalaqit qilmadi, Acherbi esa ortidan to‘pga ochilgan Torresni sezmay qoldi. Ferran o‘z golini nishonlashda ham bu vaziyatda raqib uxlab qolganiga ishora qildi.
Ikkinchi bo‘limga jamoalar o‘zgargan tarkiblarda chiqishdi. Birinchi bo‘lim oxirida «Barselona»da Kunde jarohat olgandi, «Inter»da – Lautaro. Martines amallab 45 daqiqa va unga qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘ynab berdi, tanaffusda esa o‘z o‘rnini Torimiyga bo‘shatib berdi. Flik yana bir o‘zgartirish o‘ylab topdi: himoya markazida Arauxo (Martin o‘rniga) paydo bo‘ldi, kataloniyaliklar Martinesi esa chap qanotga o‘tkazildi. Birinchi golli vaziyat aynan shu qanotdan amalga oshirilgandi, Inigo Bissek bu hududga kirib kelishi va xavfli uzatma amalga oshirishiga yo‘l qo‘yib bergandi – faqat Dimarko ko‘k-anorranglilarni kechirgandi.
Flik jamoasi ikkinchi bo‘lim davomida to‘pga egalik qilish va pressing orqali «Inter»ni uzil-kesil taslim etishni ko‘zlagandi. Ammo «neradzurrilar»ning bu oqshom uchun o‘z qahramoni – Dyumfris bor edi. O‘yinning bir soati ortda qolayotganida niderlandiyalik himoyachi burchak zarbasidan keyin dublni rasmiylashtirdi. U «Barselona» jarima maydonida ideal pozitsiya tanladi va bosh bilan ajoyib zarba yo‘lladi, Arauxo to‘pni to‘sa olmadi.
Ammo «Inter»ning hiosbda oldinga borishi uzoq cho‘zilmadi. «Barselona» yana kambek amalga oshirdi. Mezbonlarga ham standart vaziyat qo‘l keldi. Mehmon jamoa himoyachilari to‘p havodan oshirilishini kutishgandi, ammo Olmo to‘pni jarima maydoniga markazdan yaqinlashib kelgan Rafinyaga uzatdi, u esa 25-30 metr masofadan turib zarba yo‘lladi. Bu gol ham Yamalning ishtirokisiz kechmadi, pas yo‘nalishida turgan futbolchi uni ayyorlik bilan oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi va bu braziliyalik zarba berayotganida uning atrofida raqiblardan hech kim bo‘lmasligini ta’minladi. To‘p yo‘l-yo‘lakay rikoshet bo‘lib to‘singa bordi, maydonga qaytganida esa darvozabon Zommerning yelkasiga tegib darvoza to‘riga yo‘l oldi.
Bu oxirgi daqiqagacha natijasini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan shiddatli bahs edi. «Barsa» ochiq o‘yin olib bordi, «Inter» esa o‘ta xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi. Mxitaryan gol ham urgandi, ammo millimetrlik ofsayd tufayli gol bekor qilindi.
Italiyaliklar ikkinchi bo‘limda Yamalni ancha zararsizlantirgan bo‘lsa-da, u dribling ishlatishdan tortinmadi va o‘z arsenalida Zidanning finti borligini ham namoyish etdi.
O‘yin oxirida Lamin kataloniyaliklarga g‘alaba keltirishi ham mumkin edi, ammo uning original zarbasidan keyin to‘singa tegdi.
Endi barchasi bir haftadan keyin «San-Siro»da kechadigan javob uchrashuvida hal bo‘ladi.
Mavzuga oid

10:12 / 21.05.2025
«Siti» KDB bilan xayrlashdi va YeChLga yaqinlashdi

11:33 / 19.05.2025
«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari

09:37 / 16.05.2025
«Barselona» - Ispaniya chempioni! Yamal «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar

14:01 / 12.05.2025