Rossiyaning Odessaga zarbasi: kamida ikki kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi
Odessaga tungi dronlar hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda mintaqa hokimiyati. Shuningdek, Xarkivda ham Rossiyaning uchuvchisiz uchog‘i tomonidan zarba berilgan.

Foto: Telegram / odeskaODA
1 may, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina viloyatlariga navbatdagi hujumni amalga oshirdi. Odessa VHM rahbari Oleg Kiperning so‘zlariga ko‘ra, shaharda uchuvchisiz uchoqning zarbasi natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan. «Dushman hujumi natijasida ko‘p qavatli turar joy binolari, xususiy uylar, supermarket, maktab va avtomashinalar zarar ko‘rdi. Ayrim joylarda yong‘in sodir bo‘ldi, ularni qutqaruvchilarimiz bartaraf etmoqda. Hujum natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohat oldi. Tibbiyot xodimlari jabrlanganlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatmoqda», deb yozdi Kiper mahalliy vaqt bilan soat 03:30 atrofida.
Rossiya havo hujumi natijasida Odessadagi vayronagarchiliklar haqida shahar meri Gennadiy Truxanov ham Telegramʼda yozgan. «Odessaning turli hududlarida turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Yong‘inlar boshlandi, jabrlanganlar haqida xabarlar kelib tushmoqda. Uyning yuqori qavatida yashagan keksa er-xotin aloqaga chiqmayapti. Ularning farzandlari hech qanday aloqa yo‘qligi haqida xabar berishdi», — deyiladi uning tungi xabarida.
Odessaga hujum haqidagi xabarlardan bir necha soat oldin Xarkiv meri Igor Terexov ham UUA reydi haqida yozgan edi. «Kiyev va Saltovskiy tumanlari chegarasida dushmanning uchuvchisiz uchog‘i — dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra — "Molniya" UUA tomonidan zarba berildi. Zarba sodir bo‘lgan joyda yong‘in kuzatilmoqda», — deb yozdi u Telegramʼda, keyinroq zarba Kiyev tumanidagi yonilg‘i quyish shoxobchasiga to‘g‘ri kelgani aniqlashtirildi. Xabar e’lon qilingan vaqtda qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.