1 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan AQSh ma’muriyati, elektromobillar uchun oshgan utilizatsiya yig‘imi, Samarqandda o‘tkazilishi qoldirilgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz davlatlari» sammiti — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Tramp ma’muriyati Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi
AQSh rasmiylari prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan 131 kishini deportatsiya qilish bo‘yicha amaliyotni tashkil etgani va moliyalashtirgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Markaziy osiyoliklarni olib qaytayotgan reys Vashington va Toshkent o‘rtasidagi kelishuv doirasida amalga oshirildi.
O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini qaytarish xarajatlarini to‘ladi, ta’kidlanishicha, bu prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan beri xorijiy hukumat bilan birinchi shunday kelishuvdir.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun charter reys tashkil etgan O‘zbekiston prezidentini alohida e’tirof etdi.
«Biz Shavkat Mirziyoyevga 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish uchun samolyot jo‘natishga rahbarlik qilgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz», – deydi amerikalik rasmiy.
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshdi
Bosh vazir 31 yanvarda imzolagan qarorga asosan bugundan boshlab, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun 45 mln so‘m utilizatsiya yig‘imi undirilmoqda. Bu – shu kungacha amalda bo‘lgan yig‘im miqdoridan 4 barobarga ko‘p.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun esa utilizatsiya yig‘imi miqdori BHMning 210 baravari — 78,75 mln so‘m etib belgilangan. O‘z navbatida bu – eski yig‘im miqdoridan 2,3 barobarga ko‘p.
«Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz davlatlari» sammiti qoldirildi
5 may kuni Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» formatidagi sammit noma’lum muddatga qoldirildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ham ushbu xabarni tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, sammit — tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan keyingi muddatlarga qoldirilgan.
«Tomonlar yangi sanani o‘zaro maslahatlashuvlar asosida belgilash bo‘yicha ishlamoqda. Sammitning o‘tkazilish sanasi va boshqa tafsilotlar haqida qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi», deyiladi TIV bayonotida.
Toshkentdagi yong‘inda ikki kishi halok bo‘ldi
Poytaxtning Qo‘shbegi ko‘chasida joylashgan Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi sintepon ishlab chiqarish sexida yong‘in ro‘y berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng joyni o‘rganish davomida ikki fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan. Yong‘in ishlab chiqarishda texnologik jarayon buzilishi natijasida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga FVV rahbariyati, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbar xodimlari, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, prokuratura mas’ul xodimlari chiqishgan.
Prezident Xorazmga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Xorazm viloyatiga bordi.
Tashrif chog‘ida davlat rahbari Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bilan tanishdi, shuningdek, bu borada o‘tkazilgan ochiq tenderda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya kompaniyasi rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSh dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, ICAO talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng prezident Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda qurilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi, shaharcha markazidan o‘rin oladigan Al-Xorazmiy haykali loyihasi bilan tanishdi. Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.
Mavzuga oid

22:47 / 02.05.2025
2 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:19 / 30.04.2025
30 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:24 / 29.04.2025
29 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:45 / 28.04.2025