O‘zbekistonliklarning o‘rtacha maoshi qancha?
2025 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 5 mln 796 ming so‘mni tashkil etdi. Toshkent shahri (9,9 mln so‘m) va Navoiy viloyatida (7,3 mln so‘m) eng ko‘p, Qashqadaryo (4,1 mln so‘m) va Farg‘onada (4 mln 203 ming so‘m) esa kamroq maosh to‘langan. O‘qituvchilar va shifokorlarning oyligi eng kamligicha qolyapti.

Foto: Kun.uz
2025 yil yanvar-mart oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 796 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga o‘sgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (9 mln 889 ming), Navoiy (7 mln 331 ming) va Toshkent viloyatida (5 mln 435 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 79 ming), Farg‘ona ( 4 mln 203 ming) va Surxondaryo (2 mln 209 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Toshkent shahri (+22,7 foiz), Surxondaryo (+19,1 foiz), Sirdaryo (18,5 foiz) va Buxoro (18,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
- bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 15 mln 848 ming so‘m;
- axborot va aloqa sohasida – 14 mln 818 ming so‘m;
- tashish va saqlash sohasida – 8 mln 719 ming so‘m;
- sanoat sohasida – 6 mln 923 ming so‘m;
- savdo sohasida – 6 mln 521 ming so‘m;
- qurilish sohasida – 6 mln 14 ming so‘m;
- san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 4 mln 831ming so‘m;
- yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 4 mln 790 ming so‘m;
- ta’lim sohasida – 4 mln 44 ming so‘m;
- sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3 mln 626 ming so‘m.
Sohalar kesimida ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati axborot va aloqa (+26,8 foiz), san’at, ko‘ngil ochish va dam olish (+20,2 foiz) hamda bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida (+19,8 foiz) kuzatilgan.
Mavzuga oid

10:45
O‘zbekistonda aprel oyida inflatsiya 0,7 foizni tashkil etdi

20:59 / 29.04.2025
O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish oshgani qayd etildi

09:45 / 29.04.2025
O‘zbekistonda 10 yilda xorijlik talabalar soni qariyb 18 barobarga oshdi

21:43 / 28.04.2025