Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida doimiy sulh bo‘lishini istaydi – Oq uy
AQSh rahbari borgan sari Rossiya va Ukraina yetakchilaridan hafsalasi pir bo‘layotgani ta’kidlandi.

Kerolin Levitt / Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina yetakchilaridan o‘t ochishni doimiy to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olishini istamoqda va «borgan sari ulardan ko‘ngli qolyapti».
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt Trampning 27 aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvi haqida jurnalistlarga ma’lumot berayotganda aytdi.
«U [Tramp] har ikki davlat rahbarlaridan tobora ko‘proq ko‘ngli qolmoqda va o‘t ochishni doimiy to‘xtatishni istamoqda. Mening tushunishimcha, Putin bugun ertalab o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatishni taklif qilgan. [AQSh] prezidenti o‘t ochishni doimiy ravishda to‘xtatishni - birinchi navbatda, qotilliklar va qon to‘kilishini to‘xtatishni xohlashini aniq aytdi», dedi Levitt.
Oq uy matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, Tramp kelishuvga erishish imkoniyati haqida «optimistik ruhda», biroq ayni paytda «realistik bo‘lib qolmoqda: har ikki yetakchi ham mojarodan chiqish yo‘lini topish uchun muzokaralar olib borishi kerak».
Kreml 28 aprel kuni Rossiya G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan «humanitar sabablarga ko‘ra» sulh e’lon qildi. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi 8 may yarim tundan 11 may yarim tungacha amal qiladi.