O‘zbekiston | 21:47 / 28.04.2025
7467
2 daqiqa o‘qiladi

Malibu-2 avtomobillari O‘zbekistonga Xitoydan yuborilmoqda - UzAuto Motors

Kompaniya O‘zbekistonga Qozog‘istondan Malibu-2 avtomobillari qaytib kelgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi. Ta’kidlanishicha, internetda tarqalgan videoda Xitoydan O‘zbekistonga olib kelinayotgan mashinalar aks etgan.

Foto: Videodan kadr

UzAuto Motors ijtimoiy tarmoqlarda Malibu-2 avtomobillari partiyasi Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtovozga ortilgan yangi Malibu-2 avtomobillari aks etgan video tarqaldi. Rolik muallifi o‘z izohida ushbu avtomobillar go‘yoki Qozog‘istonda qaytarilib, O‘zbekistonga yetkazib berilayotganini ta’kidlagan.

UzAuto Motorsʼga ko‘ra, e’lon qilingan videoda haqiqatan ham yangi Malibu-2 avtomobillari aks etgan, ular Xitoydan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga belgilangan tartib-qoidalarga to‘liq rioya qilgan holda yuborilmoqda.

Kompaniya ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Ma’lumot uchun, Checrolet Equinox, Malibu, Traverce va Tahoe avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi, balki UzAuto Motors tomonidan import qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5 mart kungi selektorda davlat idoralarida xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgandi. Prezident topshirig‘idan keyin bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobilidan Chevrolet Malibuʼga o‘tgani, viloyatlar hokimlari ham UzAuto Motorsʼdan xarid qilingan modellarga o‘tayotgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid