O‘zbekiston | 22:45 / 28.04.2025
1073
6 daqiqa o‘qiladi

28 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

BAAga bekor bo‘lmagan vizasiz rejim, pedagoglarga 70 foizlik ustama imkoniyati, Umra sayohatini noqonuniy reklama qilganlar hamda kutilayotgan issiq va quruq hafta — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Dubayga vizasiz kirish taqiqlangani yo‘q — TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov fuqarolarning BAAga vizasiz kirishi taqiqlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi vizasiz rejim o‘z kuchida qolmoqda va hech qanday cheklovlar joriy etilmagan.

«Fuqarolarimizdan faqat rasmiy manbalarga ishonishlarini so‘raymiz», — deyilgan rasmiy bayonotda. Shunga qaramay, TIV vakili so‘nggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotganini va bu vizasiz tartibga ta’sir qilishi mumkinligini yana bir bor eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni Dubayda O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida sodir bo‘lgan pichoqbozlikdan so‘ng 15 nafar yurtdoshimiz qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Shu voqeadan keyin rasmiylar yurtdoshlarni xorijda o‘zini oqilona tutishga chaqirgan.

BAA rasmiylari tomonidan vizasiz tartibni bekor qilish bo‘yicha hech qanday bayonot berilmagan.

Pedagoglarga 70 foizlik ustama belgilandi

O‘zbekistonda pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2025 yil birinchi yarmida o‘tkazilayotgan attestatsiyada 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarga bazaviy tarif stavkasiga 70 foiz ustama to‘lanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, ustama olish uchun malaka sinovining har ikki bosqichida qatnashib, oliy yoki birinchi malaka toifasiga erishish talab qilinadi. Milliy yoki xalqaro sertifikatga ega pedagoglar malaka sinovida maksimal ball olish talabisiz ustama olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, majburiy attestatsiyaga jalb etilmagan pedagoglar ham xohishga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etib, ustama olishlari mumkin.

Belgilangan ustama ikki yil amal qiladi. Muddat tugagandan keyin ustama olish uchun yana attestatsiya sinovlarida qatnashish talab etiladi.

Elektr va gaz hisoblagichni o‘rnatish soddalashdi

O‘zbekistonda energiya resurslarini hisobga olish tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Endilikda elektr va tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatishda Majburiy ijro byurosi vakili ishtirok etmaydi.

Energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida o‘rnatilgan priborlar iste’molchi va yetkazib beruvchi vakillari ishtirokida ro‘yxatga olinadi va plombalanadi. Bu jarayon ikki nusxadagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Tegishli buyruq 17 aprel kuni qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilindi va shu sanadan kuchga kirdi. Bu o‘zgarishlar energiya hisobini shaffoflashtirish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida joriy etildi.

Yangi tartib energiya resurslaridan foydalanishni samarali nazorat qilish va iste’molchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.

Umra reklama qonunchiligini buzganlarga jazo

O‘zbekistonda bir qator turoperatorlar va internet sahifa adminlari Umra tadbirlariga oid reklamalarni litsenziyasiz tarqatgani uchun jazolandi.

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi «Mirabelle travel», «Ketdik Tour», «Ayattour», «Tavakkalna Travel» kompaniyalari litsenziya hujjatisiz reklama joylashtirgan.

Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham bir qator Telegram-kanallari orqali litsenziyaga ega bo‘lmagan Umra sayohati uyushtiruvchilarning reklamasi berilib, qonunbuzilishi aniqlangan. Natijada mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, litsenziyasiz reklama tarqatgan 12 nafar shaxsga nisbatan ichki ishlar organlariga so‘rov yuborildi. Kiberxavfsizlik markazi ularga nisbatan tegishli chora ko‘radi.

Ta’kidlanishicha, qonun buzgan turoperatorlarga moliyaviy jarimalar qo‘llangan va ish yuzasidan rasmiy tekshiruvlar olib borilmoqda.

Umuman olganda, har qanday tovarlarning sertifikati, litsenziya talab qilinadigan xizmatlarning esa litsenziyasi borligiga amin bo‘lib so‘ngra reklama tarqatish kerak. Aks holda javobgarlik kelib chiqadi.

O‘zbekistonda issiq va quruq hafta kutilmoqda

O‘zbekistonda bu hafta quroq va issiq ob-havo saqlanib turadi. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Dushanba kuni respublika bo‘ylab yozgi issiqlik saqlanib, harorat +35…+38 darajaga yetadi. Chorshanba kuniga kelib harorat pasayib, +25…+30 darajani tashkil etadi. Keyin harorat yana ko‘tarilib, juma kuni +33 darajagacha yetishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida ham hafta davomida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Harorat dushanba kuni +36…+38 darajaga, chorshanba kuni esa +26…+28 darajaga tushadi va keyin yana ko‘tariladi.

Mavzuga oid