Jamiyat | 18:55 / 27.04.2025
4150
9 daqiqa o‘qiladi

“24 yoshgacha hayotimni kattalar boshqargan” – Bristol universiteti magistranti Orzugul G‘oyibova hikoyasi

Xizmatchi oilasida ulg‘aygan Orzugul poytaxtdagi tengdoshlari bilan tanishgunga qadar chet elda o‘qishni imkonsiz deb bilgan. Bir nechta xalqaro ta’lim dasturlarida 2 yil ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, u harakatni davom ettirib, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Orzugul vazirlik tizimida nega ishlay olmagani, Bristoldagi ta’lim, ilm sohasidagi soxtaliklar, qizlarning xorijda o‘qishiga qarshi shakllangan stereotiplar haqida gapirib berdi.

Buxoro viloyati Buxoro tumanida tug‘ilgan Orzugulning bolaligi og‘ir o‘tgan. Otasi qurilish ishlarida ishlab, oyog‘idan jarohat olgan va nogiron bo‘lib qolgan. O‘sha paytda oila boquvchiligi to‘liq onaning gardaniga tushgan. Volida 5 farzandini tashlab, Rossiyaga ishlash uchun ketishga majbur bo‘lgan. Onasi mehnat migratsiyasiga yo‘l olgan paytda Orzugul maktabda 2-sinfda o‘qiyotgan 7 yoshli qizaloq edi.

Kichkina qiz bo‘lganimga onamning oila boqish uchun uzoqqa ketayotganini anglamaganman. Ular meni xuddi atayin tashlab ketayotgandek tuyulgan. Boshida juda qiyin bo‘lgan. O‘qishga qiziqishim pasayib, darsga borgim kelmasdi. Otam uyda bo‘lsa-da, ular bilan bemalol gaplasha olmasdim, oramizda qandaydir “devor” turardi. Onam yilda bir marta bir haftaga uyga kelardilar, arazlab olib, hatto ular bilan gaplashmasdim ham. O‘zimni yolg‘iz his qilardim. Tushkunlikdan chiqib ketishimga boshlang‘ich sinf ustozim katta yordam bergan. Darsdan keyin alohida vaqt ajratib, meni qiynayotgan masalalar borasida suhbatlashardi, o‘qishga rag‘batlantirardi. Oiladan yetarlicha mehr ololmayotgan bir vaqtda o‘smir bola uchun ustozining qo‘llab-quvvatlovi muhim rol o‘ynar ekan”,– deydi u.

To‘rt o‘g‘ildan keyin kenja farzand bo‘lgan Orzugul kuchli nazoratda ulg‘ayganini aytadi. 8-sinfgacha akalari kuzatuvida maktabga borib-kelgan qiz o‘smirlikda bolaga ma’lum nuqtalarda erkinlik berilishi zarurligini aytadi. Uning fikricha, qiz bola nafaqat himoya, balki ishonchga ham muhtoj bo‘ladi. Bola keragidan ortiq qattiq nazoratda o‘ssa, unda mustaqil fikrlash qobiliyati yaxshi shakllanmaydi. O‘zini aynan shunday masala qiynaganini ta’kidlagan Orzugul erkinlikni qiz bola istagancha yurishi yoki xohlaganini bajarishi emas, balki unga qaror qabul qilish imkonining berilishi sifatida izohlaydi.

24 yoshga kirgunimcha mening hayotimni, hatto qaysi yo‘nalishda qayerda o‘qishni ham “kattalar” hal qilgan. Bakalavriatni bitirganimdan so‘ng o‘quv markazida ingliz tilidan dars berdim, davlat maktabida ham ishladim. O‘sha kezlarda o‘zimdan, qilayotgan ishlarimdan ko‘nglim to‘lmasdi, o‘zimga o‘zim “men bu joyga tegishli emasman” derdim. Buxoro davlat universitetida o‘qib, xohlaganimdek natijaga erishmadim. O‘qishimni chet elda nufuzliroq universitetda davom ettirishim kerak, degan niyatim bo‘lardi. Buni uydagilarga aytganimda ijobiy qabul qilishmagan, sababi bizning oilamizdan hech kim oliy ma’lumotli emas, avlodimiz va mahallamizdan birorta odam xorijga o‘qish uchun bormagan. Ular shunchaki qiz bola boshim bilan boshqa davlatga o‘qishga ketishimni tasavvur ham qila olishmas edi”, – deydi Orzugul G‘oyibova.

Orzugul oilasi yuqori daromadli bo‘lmagani uchun boshqa davlatga borib ta’lim olish unga ushalmas orzudek tuyulgan. Sababi o‘sha paytlarda xorijda biror nufuzliroq oliygohda bir yillik ta’lim eng minimum miqdorda $30 000 atrofidagi xarajatlarni talab etardi. Orzugul esa Toshkentga kelib, loyihalarda ishtirok etmaguncha ta’lim grantlaridan bexabar bo‘lgan.

YLDP loyihasida qatnashib, Westministr universitetidagi talabalar bilan tanishganimdan keyin Chevening, Fulbright, DAAD grantlari haqida ma’lumot olganman, 2 yil bu loyihalarga topshirib, yiqilganman. Ammo top oliygohda ta’lim olish niyatim hech qachon so‘nmagan. Kunduzi davlat maktabi, kechki payt Amerika logistika kompaniyalarida ishlab, bir yillik kontrakt va xorijda yashash xarajatlarini qoplaydigan miqdorda mablag yig‘ganman. 2021 yil “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini yutib olganman va bu Bristolga ketishimga yo‘l ochgan eng muhim omillardan biri bo‘lgan. Stipendiyani qo‘lga kiritganimdan keyin Angliyaga borishimni uydagilar umuman xohlamagan, ikki akam o‘qishga ketganimdan so‘ng 6 oygacha men bilan gaplashmagan va bu psixologik jihatdan kuchli salbiy ta’sir o‘tkazgan”, – deydi u.

Orzugulning aytishicha, Bristol universitetidagi ta’limning eng katta ustunligi – darslarning yodlashga emas, tushunishga asoslanishi. U yerda o‘qitish jarayoni faqat professorni tinglab o‘tirish emas, mavzuni muhokama qilib, tahlil etish, talabaning o‘z fikrini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Talabalar oldindan berilgan maqola, kitob, ilmiy ishlar asosida darsga tayyorlanib kelishadi, sessiyalarda xalqaro kontekstda muhokamalar qilinadi. Imtihonlar ham mahalliy oliygohlarnikidan farqlanadi, talabalar tahliliy va tanqidiy fikrlashga asoslangan esselar yozish orqali baholanadi. Bu tizim yordamida nafaqat nazariy baza, balki mualliflik mas’uliyati ham shakllanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bristoldagi ta’lim — talabani shunchaki ma’lumot oluvchi emas, manba yaratuvchi sifatida ham rivojlantiradi.

U mahalliy doiradagi ilmiy izlanishlarni xalqaro tadqiqotlar bilan taqqoslar ekan, ko‘plab dissertatsiyalar ilmiy daraja va undan olinadigan qo‘shimcha moddiy imtiyozlar uchun olib borilayotganini qayd etdi.

Aslida ilmiy ish jamiyatdagi muammolarga amaliy yechim topish vositasi bo‘lishi kerak. Guvohi bo‘ldimki, bizda ko‘plab ilmiy maqolalar xorijiy manbalardan tarjima qilinib, bir-ikki joyiga o‘zgartirishlar kiritilgan holda o‘zlashtirilyapti. Bu holatda mualliflik huquqi buzilyapti, ilmiy axloq me’yorlari esa deyarli e’tiborga olinmayapti. Ilm-fan rivojlanish o‘rniga, qog‘ozbozlik va sun’iy son ko‘paytirish vositasiga aylanib qolyapti. Xalqaro tajribada ilmiy tadqiqot natijalari davlat siyosatini shakllantirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi, bizda-chi? Izlanishlar faqat qog‘oz uchun qilinsa, jamiyat rivojini qanday tasavvur qilish mumkin? Eng achinarlisi, ilmiy maqola va dissertatsiyalarni pul evaziga tayyorlatish holatlari ham ko‘paymoqda. Shaxsan menga ham yozib berish uchun mablag‘ taklif qilganlar bo‘ldi. Ammo bu yo‘ldan bormadim, chunki ilmiy izlanish halollik va mas’uliyatni talab qiladi”, – deydi u.

Orzugul O‘zbekistonga qaytgach, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida strategik rivojlanish va xalqaro baholash bo‘limida faoliyat yuritgan. “Bu tajribam davomida shuni angladimki, davlat tizimida ishlash imkoniyatlari yaxshi bo‘lsa-da, men o‘z bilim va tajribamni u yerda to‘liq namoyon eta olmas ekanman. Ishim rasmiy xat almashinuvi bilan chegaralangan edi”, – deydi u.

Orzugul G‘oyibova ayni vaqtda “Top 100 universitetlar” loyihasini boshqarmoqda. Bundan tashqari, ayol-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha kurslar ishlab chiqib, oflayn hamda masofaviy darslarni tashkil etyapti. Intervyu davomida u “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti bo‘lish va xorijda ta’lim olish qanday imkoniyat eshiklarini ochgani, loyihalari orqali erishgan natijalari, vazirlik tizimida nega uzoq vaqt ishlay olmagani, qizlarning chet elda ta’lim olishiga qarshi shakllangan stereoptiplar va ilmiy ishlardagi soxtaliklar haqida gapirib berdi. Suhbatning to‘liq qismini Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mammatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid