Jahon | 15:38 / 26.04.2025
4512
6 daqiqa o‘qiladi

Trampning yangi rejasi, Putinning sulhi, Kiyevning talablari - Geosiyosiy hafta tahlili

Trampning Kremlga bosimi ortidan Putin Pasxa sulhini e’lon qildi, Ukraina muzokaralarda Vashingtonga besh bandli talablar paketini yubordi. Londonda o‘tishi belgilangan muzokaralar Kiyevning hududiy yon bermaslik pozitsiyasidan keyin barbod bo‘ldi. Osiyoda esa uxlab yotgan Pokiston–Hindiston vulqoni otiladigandek. Lavrov Markaziy Osiyoda Yevropa faolligidan nolidi.

Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uz’ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlil qilindi.

Hindiston-Pokiston ziddiyat nega aynan shu vaqtda qo‘zg‘aldi, kutilmalar qanday?

Shuhrat Rasul: Bu konfliktni Britaniyaning bir merosi sifatida ko‘rishimiz kerak. 1947 yilgacha Hindiston Britaniyaning eng katta koloniyasi bo‘lgan. 1947 yilning avgust oyida uchta davlatga bo‘lindi, bular: Hindiston, Bangladesh va Pokiston. Mana shu bo‘linish jarayonida Kashmir muammosi paydo bo‘lgan. Teraktni amalga oshirganlar “Kashmir qarshilik harakati” va bu guruh haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. E’tiborlisi, qariyb 300 nafar mahalliy musulmon aholi yaralanganlar uchun ixtiyoriy qon topshiribdi.

Hindiston hozirda suv shartnomasini to‘xtatib, Pokistonga boruvchi suvlarni to‘smoqchi. Lekin suv omborlar bu suv zaxiralarini doimiy ushlab turolmaydi. Shunga qaramay, hozirda sug‘orish mavsumi boshlanyapti va Pokiston qishloq xo‘jaligi uchun suv juda zarur.

Bunday konfliktlar 49 yildan beri o‘nlab marta bo‘lgan. Lekin hech qachon katta urushlar bo‘lmagan va bu ziddiyat ham ma’lum haftalardan keyin avvalgilari kabi o‘z yechimini topadi.

Oybek Sirojov: Hindiston–Pokiston o‘rtasidagi murakkablik shundaki, har ikkala davlatda ham yadroviy qurollar mavjud va bu yadroviy urush boshlanib ketishi ehtimolini kuchaytiradi. Undan tashqari, ba’zi tahlil markazlari tadqiqotida yozilishicha, 2015 yilda Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi Kashmir muammosi bilan bog‘liq voqealar o‘rganilgan va o‘shanda 2025 yilda xuddi shunday voqea sodir bo‘lib, yadroviy urushgacha borishi mumkin degan tahlillar e’lon qilingan.

Ikki davlat o‘rtasidagi konflikt Markaziy Osiyoga ham salbiy ta’sir qiladi. Masalan Rossiyani ham, Xitoyni ham, hattoki G‘arbni ham qiziqtiradigan Transafg‘on yo‘llari bevosita Pokiston va Hindiston bilan chambarchas bog‘liq. Demak, u hududlardagi beqarorlik bu loyihalarni real hayotga tatbiq etish, jumladan, investorlar topishni so‘roq ostiga qo‘yadi.

Undan tashqari, Pokiston ham, Hindiston ham Shanxay Hamkorlik Tashkilotining a’zosi. Bu – ShHT oldida yana bir o‘ziga xos sinov vazifasini o‘taydi.

Trampning tinchlik rejasi va tomonlarning unga reaksiyasi qanday bo‘ldi?

Abduvali Soyibnazarov: Bu yerda asosan Ukrainani NATO a’zoligiga kiritmaslikka kafolat berish va AQShning Qrimni Rossiyaning hududi sifatida tan olishi haqida bormoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari tan olsa, kelgusida jahon hamjamiyati, hatto Ukrainaning o‘zi ham tan olishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Shartlar ichida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash masalasi ham ko‘tarilmoqda. Zaporojyedagi atom elektrostansiyasi nazoratini AQShga berish va Ukraina kemalarining Dnepr daryosi bo‘yida bemalol suzib yurishiga imkon berish masalalari ko‘tarilgan.

Bu rejaga Ukraina rozi emas, chunki Qrimning e’tirof etilishi faqat Zelenskiyga bog‘liq emas. U yerda Ukraina konstitutsiyasi, Ukraina xalqining xohish-irodasi degan masalalar ham bor. Prezident Zelenskiy Qrimning Rossiyaniki deb e’tirof etilishiga qarshi, shuning uchun London konferensiyasi ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ya’ni kutilgan darajada natija bo‘lmadi.

Shuhrat Rasul: Ikkinchi loyiha ham bor, bu – Ukraina va Yevroittifoqning birgalikda ishlab chiqqan rejasi.

Ukrainada demokratiya mavjud. U yerda Zelenskiyga qarshi parlamentda muxolif real kuchlar bor. Agar Donald Trampning qarorini Zelenskiy qabul qilsa, parlament uni ratifikatsiya qilmaydi. U haqiqiy yuridik kuchga kirmaydi. Zelenskiyga qarshi protsedura boshlanishi mumkin, uni davlatga xiyonat qilishda ayblash mumkin.

Tramp va Rossiya taklifiga javoban, Ukraina ham YeI bilan o‘z takliflarini tayyorlagan va u besh punktdan iborat. Mana shu qaror qabul qilinadigan bo‘lsa, ha, tinchlik o‘rnatilishi mumkin. Birinchi navbatda, urushni to‘xtatish kerak. Qolgan masalalar keyin muhokama qilinadi, deb aytilmoqda.

Eng asosiy masala “Agarda bizni NATOga qabul qilmasangiz, hech bo‘lmasa Isroilga berilgan NATOdagi beshinchi moddaga tenglashtirilgan kafolatlarni bering. Va eng muhimi, Ukrainaning talabi – Amerika kafolatda ishtirok etsin”, deyapti.

***

Suhbat davomida tahlilchilar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga tashrifi atrofidagi voqealar va Trampning Putinga bosimlari kabi haftaning boshqa mavzularini ham muhokama qilishdi. Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz'ning YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid