Ukraina tinchlik rejasi bo‘yicha 5 ta talabini AQShga ma’lum qildi
Ulardan asosiysi – ishg‘ol qilingan Qrimni rasman Rossiyaniki deb tan olinmaslikdir.

Foto: REUTERS
23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Ukraina vakillari AQSh delegatsiyasiga tinchlik rejasi bo‘yicha o‘z talablari to‘plamini topshirdi. Britaniyaning The Telegraph nashri ular bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, Kiyev jami beshta talabni ilgari surgan, ulardan asosiysi ishg‘ol qilingan Qrimni rasman Rossiyaniki deb tan olinmaslikdir.
«Qrim – to‘qnashuvlarning asosiy nuqtasi. U yerda Rossiya nazoratini tan olish – hech bir davlat boshqa birovning hududini anneksiya qila olmasligi haqidagi xalqaro huquqning markaziy tamoyilini buzadi. Shuningdek, bu hududni faqat referendum orqali qaytarish mumkinligi haqidagi Ukraina Konstitutsiyasiga zid», deyiladi maqolada.
Ta’kidlanishicha, Ukraina o‘z talablarini qo‘yish orqali Rossiyaning Qrim yoki boshqa bosib olingan hududlar ustidan suverenitetini har qanday rasmiy xalqaro tan olinishini samarali ravishda inkor etilishiga umid qilmoqda.
Ukraina talablarining birinchi va ikkinchi bandlarida Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi mumkinligi haqida maxsus ogohlantirish bilan har qanday tinchlik bitimini «kapitulyatsiyaga emas, balki xalqaro huquqqa asoslangan» deb belgilashga qaratilgan. Ular, shuningdek, Ukrainaning o‘z hududlarini Rossiyaga vaqtinchalik bo‘lsa ham berishiga olib keladigan har qanday istiqbolli tinchlik bitimi evaziga aniq «xavfsizlik kafolatlari»ni talab qilmoqda, deb yozdi nashr.
Uchinchi bandda aytilishicha, Ukraina «tinchlik jarayoni markaziga» qaytishi kerak. To‘rtinchi bandda Rossiya Qrim ustidan nazoratni saqlab qolgan holda, nafaqat Ukrainaga, balki Qora dengizning boshqa mamlakatlari – Turkiya, Ruminiya va Bolgariyaga ham hujum qilishi mumkinligi haqida AQSh va NATO ogohlantirilgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, beshinchi va yakuniy nuqtada Rossiyaga kelishuvdan Ukraina qurolli kuchlari yoki mudofaa sanoati bazasini cheklash uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi aniq ko‘rsatilgan.
Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 23 aprel kuni Londondagi uchrashuvdan so‘ng yangi hujjat shakllangani va u allaqachon Amerika yetakchisi Donald Trampga topshirilganini ma’lum qilgandi. Qayd etilishicha, ushbu hujjatda «yevropaliklar – Fransiya, Britaniya, Germaniya va Ukrainaning urushga oid umumiy qarashlari» mavjud.
Bundan oldin Zelenskiy bosib olingan Qrimning Rossiya hududi sifatida tan olinishi haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina qadriyatlariga yoki Konstitutsiyaga zid bo‘lgan narsalarni hech qanday kelishuvga kiritish mumkin emas».
Mavzuga oid

17:55
Xitoy AQShning ayrim tovarlariga nisbatan yuqori bojlarni bekor qilmoqda - OAV

13:55
Ochlikka ro‘para bo‘lgan G‘azo, sanksiyalardan xalos bo‘lishga urinayotgan Suriya va Rossiyaning Qirg‘izistonga tahdidi - kun dayjesti

13:32
Apple AQSh bozori uchun iPhone ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirmoqchi

09:59