Jahon | 00:22
989
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya qiroli mamlakatni «tish-tirnog‘igacha qurollantirishga» chaqirdi

Niderlandiya 2025 yilda mudofaa uchun 1,1 mlrd yevrodan ortiq investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. 

Foto: ANP

Niderlandlar tinch va xavfsizlikda yashash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun «tish-tirnog‘igacha qurollanishi» kerak. Bu haqda mamlakat qiroli Villem-Aleksandr Limburg provinsiyasida joylashgan harbiy bazadagi chiqishida ma’lum qildi.

«Biz, ehtimol, erkinlik va tinchlik har doim o‘z-o‘zidan mavjud bo‘ladi, deb haddan tashqari ko‘p o‘ylagandirmiz. Afsuski, Ukraina va boshqa mojarolar bunday emasligini va biz bunga tayyor turishimiz kerakligini isbotlamoqda», — deydi Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr.

Qirolning ta’kidlashicha, Niderlandiyani qayta qurollantirish uchun mamlakat mudofaa sanoatini ham tubdan o‘zgartirish lozim. «Biz ishlab chiqarishni tiklay olish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u.

O‘tgan hafta hokimiyatdagi koalitsiyaga kiruvchi Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi yetakchisi Dilan Yeshilgyoz-Zegerius Niderlandiya mudofaa va xavfsizlik sohasiga 1,1 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. 2024 yil noyabr oyida mamlakat mudofaa vaziri Ruben Brekelmans tahdidlar ortib borayotgani fonida mudofaa uchun qo‘shimcha 716 million yevro ajratilishini e’lon qilgan edi.

Mudofaa sanoatini mustahkamlash bilan bir qatorda, Niderlandiya Ukrainani ham moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda. 2025 yilda qirollik Kiyevga harbiy yordam sifatida 2 milliard yevro ajratishni rejalashtirgan. Brekelmansning aytishicha, ushbu mablag‘ning 500 million yevrosi dronlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Fevral oyida Ukraina Fransiyaning Mirage 2000 va Niderlandiyaning F-16 qiruvchi samolyotlarining ilk partiyasini qabul qilib olgandi.

Shu bilan birga, Niderlandiya Yevropa komissiyasining 800 milliard yevrolik qayta qurollanish rejasiga qarshi chiqmoqda. VRT ma’lumotiga ko‘ra, niderlandiyalik rasmiylar bu dasturda ishtirok etish davlat qarzining ortishiga olib kelishidan xavotirda, chunki Yevrokomissiya a’zolariga budjet qoidalaridan chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkinligi aytilgan.

Mavzuga oid