O‘zbekiston | 22:33 / 25.04.2025
1287
7 daqiqa o‘qiladi

25 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

BAA bilan tahdid ostida qolgan vizasiz rejim, Samarqanddagi mudhish avtohalokat, Dubay shokoladidagi xavfli bakteriyalar va O‘zbekistonga sudda yutqazgan Turkiya kompaniyasi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

BAAga vizasiz rejim tugatiladimi?

20 aprel kuni Dubayda o‘zbekistonliklar o‘rtasida sodir bo‘lgan pichoqbozlik oqibatida 15 nafar fuqaro qo‘lga olindi. Mojaro ikki jinoiy guruh o‘rtasida kelib chiqqan bo‘lib, guruh yetakchilaridan biri o‘ldirilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, mazkur voqea yuzasidan diplomatlar Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Unda janjalga aloqador O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olingani va BAA tomoni tergov olib borayotgani ma’lum qilingan.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ham ta’kidlangan.

Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarimizni xorijda o‘zi va yurtdoshlari sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan qat’iyan tiyilishga chaqirdi.

Samarqanddagi mudhish avtohalokatda 33 yoshli ayol o‘ldi

Samarqand shahrida Lacetti haydovchisining yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida sakkiz nafar piyoda urib yuborildi. Hodisa 11 aprel kuni shaharning Ro‘dakiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Biroq hodisaning tasviri internetda tarqalishi ortidan rasmiylar bugunga kelib voqeaga o‘z munosabatini bildirishga majbur bo‘lishdi.

Haydovchi avval piyodalar o‘tish joyida to‘xtab turgan Labo’ga urilgan, so‘ng boshqaruvni yo‘qotib, piyodalar o‘tish yo‘lagida odamlarni urib o‘tgan. Oqibatda 33 yoshli ayol vafot etgan, uning uch farzandi onasiz qoldi. Jabrlanganlar orasida uch yoshli bola ham bor.

Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. U 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Dastlabki tergov ishlari boshlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda haydovchi piyodalarni katta tezlikda urib yuborgani aks etgan. Viloyat IIB jamoatchilikni hushyorlikka va qoidalarga amal qilishga chaqirdi.

Shukrullo Isroilov avtomobilini olib qochgan yigit qamaldi

Taniqli artist Shukrullo Isroilovga tegishli Mercedes-Benz avtomobilini o‘g‘irlab ketgan 1998 yilda tug‘ilgan Sherzod ismli yigit 2 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil Isroilovning farzandi nomida bo‘lgan. Hodisa vaqtida transport vositasi ochiq holda qoldirilgan va kaliti ichida bo‘lgan. Sherzod bu imkoniyatdan foydalanib, mashinani olib qochgan.

«Mashinani haydab ko‘rishga qiziqdim», — dedi u sudda va qilgan ishidan afsusda ekanini bildirdi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari uni Uchtepa tumanida ushlab qolgan.

Shukrullo Isroilov ham mashina topilganini tasdiqlab, fuqarolarni avtomobillarini ochiq qoldirmaslikka chaqirdi. Sudda Isroilovning o‘g‘li sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi.

O‘qituvchilar attestatsiyasida bahsli holatlar kuzatildi

Samarqandda o‘qituvchi testdan chiqqan bo‘lsa-da, onlayn efirda hali bino ichida ko‘ringani muhokamaga sabab bo‘ldi. Maktab vazirligi bu holatni internet uzilishi va kadrlarning brauzer xotirasida saqlanishi bilan izohladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, efirda uzilish bo‘lgan va natijada ekranda sal avvalgi kadrlar kechikib uzatilgan. Qing‘irlikda gumon qilinayotgan nomzod esa 52 ball to‘plab attestatsiyadan o‘ta olmagan. Barcha jarayon videoyozuvlar orqali tasdiqlangan.

Andijonda esa imtihon chog‘ida telefondan foydalangan nomzod test natijasidan mahrum etildi. Hodisa 19 aprel kuni aniqlangan va shu kuniyoq chora ko‘rilgan.

Umuman, hozirgacha toifa sinovlarida 24 nafar nomzod aloqa vositalaridan foydalangani uchun attestatsiyadan chetlashtirilgan.

Vazirlik barcha jarayon to‘liq nazorat qilinyotganini va tartibbuzarliklarga nisbatan keskin choralar qo‘llanayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Turkiya kompaniyasini sudda yutdi

Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazi (ICSID) arbitraj tribunali Bursel Tekstil kompaniyasining O‘zbekistonga nisbatan barcha da’volarini rad etdi. Da’vo miqdori taxminan 700 mln dollarni tashkil qilgan.

Tribunal kompaniyani O‘zbekistonning arbitraj xarajatlarini qoplab berishga ham majbur qildi. Arbitraj ishi 2017 yilda boshlangan bo‘lib, qariyb 7 yil davom etdi. Bursel hukumatni paxta eksporti va soliq imtiyozlari bo‘yicha va’dalarga rioya qilmaganlikda ayblagandi.

O‘zbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi va White&Case yuridik firmasi himoya qildi. Qaror yakuniy va majburiy hisoblanadi.

Bursel Tekstil — 2000 yillar boshida O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatiga yirik sarmoya kiritgan turk kompaniyasi edi.

«Dubay shokoladi»dagi xavfli bakteriyalar

Fix Dessert Chocolatier brendi ostida sotilayotgan «Dubay shokoladi» inson salomatligi uchun xavfli deb topildi. Texinspeksiya mutaxassislari nazorat xaridi orqali namunalarni UzTest laboratoriyasida tekshirdi va jiddiy qoidabuzarliklar aniqladi.

Tekshiruv natijasida mahsulot tarkibida mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar, achitqi zamburug‘lar, koli guruhi bakteriyalari hamda salmonella mavjudligi qayd etildi. Bu bakteriyalar qat’iy taqiqlangan hisoblanadi.

Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, shokolad inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, mahsulotning tashqi ko‘rinishi va yorliqlash qismi ham texnik reglament talablariga javob bermagan.

Harorat +39 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda dam olish kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat ayrim joylarda +36…+39 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, shamol sharqdan soniyasiga 7–12 metr tezlikda esadi, ba’zi hududlarda chang-to‘zon bilan 15–20 metrgacha kuchayishi mumkin. Kunduz kunlari harorat +27…+30 daraja bo‘lib, yakshanbaga borib +32…+35 darajagacha yetadi.

Shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida ayrim joylarda harorat +36…+39 darajagacha isiydi. Kechalari havo harorati +15…+18 daraja atrofida bo‘ladi.

Mavzuga oid