O‘zbekiston | 23:21 / 24.04.2025
766
5 daqiqa o‘qiladi

24 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Toshkentda yangi tuzilayotgan tibbiyot universiteti, ijaradagi avtomobillar bo‘yicha deputatlik so‘rovi, boji to‘lanmagan tovarlar taqdiri va xususiylashayotgan stomatologiya poliklinikalari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentda tibbiyot universiteti tashkil qilinadi

Toshkentdagi uchta oliygoh — Tibbiyot akademiyasi, Pediatriya instituti va Stomatologiya instituti tugatilib, ular negizida yagona Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi.

Yangi universitet 2025/2026 o‘quv yilidan ish boshlaydi. Hozir mazkur uchta oliygohda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini ushbu universitetda davom ettiradi. Ya’ni ularga qo‘shimcha hujjat topshirish yoki o‘qishni qayta tanlash talab etilmaydi.

Eng muhim jihat — 2024/2025 o‘quv yili bitiruvchilariga ham aynan yangi universitetning diplomi topshiriladi. Bu — ularning diplomi avtomatik ravishda yangi tashkil etilgan universitetga tegishli hisoblanishini anglatadi.

Ushbu yangilik tibbiyot ta’limidagi islohotlar doirasida amalga oshirilmoqda va bosh maqsad — yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini markazlashtirishdir.

Ijaradagi avtomobillar: vazirlarga deputat so‘rovi

Namanganda sodir bo‘lgan fojia ortidan «Adolat» partiyasi vakili Dilmurod Ismoilov Transport va IIV rahbarlaridan noqonuniy ijara holatlari yuzasidan hisobot so‘radi.

U so‘rovda Telegram-guruhlari orqali haydovchilik guvohnomasisiz, hatto voyaga yetmaganlarga ham avtomobillar ijaraga berilganini ta’kidladi. Bu holat 2 oktyabr kuni Gentra ishtirokida 3 o‘smirning o‘limi bilan tugagan avtohalokat bilan bog‘langan.

Fraksiya bu kabi ijara faoliyati faqat ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar orqali amalga oshirilishi shartligini eslatdi. Ammo amalda bu talablar chetlab o‘tilayotgani xavotir uyg‘otmoqda.

So‘rovda qonunbuzarlarni aniqlash, ularga nisbatan chora ko‘rish va bu holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarga oydinlik kiritish so‘ralgan.

Shuningdek, transport vaziri Ilhom Mahkamov va IIV rahbari Aziz Toshpo‘latovdan shaxsiy munosabat ham so‘ralmoqda.

Maxsus xizmatlar rahbarlari Toshkentda yig‘ildi

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda mintaqaviy xavfsizlikni tahlil qilish va zamonaviy tahdidlarga qarshi yagona yondashuv ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Maxsus xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Terrorizm, ekstremizm, narkotik va qurol-yarog‘ aylanmasi, kiberxavfsizlik hamda transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash mavzulari kun tartibidan o‘rin oldi.

Ushbu yig‘ilish O‘zbekistonning Markaziy Osiyo rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida o‘tkazildi.

Uchrashuv maxsus xizmatlar rahbarlari o‘rtasida doimiy muloqot tizimini yo‘lga qo‘yishga va mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boji to‘lanmagan tovar qay holatda olib qolinadi?

1 maydan boshlab O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar uchun bojsiz limit pasaytiriladi. Endi samolyotda kelayotgan fuqarolar 1000 dollar, poyezdda — 500 dollar, piyoda yoki avtomobilda — 300 dollargacha boj to‘lamasdan tovar olib kirishi mumkin.

Bojsiz limitdan oshgan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi undiriladi — tovar qiymatidan 30 foiz yoki har bir kilogrammi uchun kamida 3 dollar. Agar yo‘lovchi buni to‘lay olmasa, tovar vaqtincha saqlash omborida qoldiriladi va 30 kun ichida boj to‘langan holda yoki tovarni qayta olib chiqish orqali qaytarilishi mumkin.

Tovar qiymati chek, kvitansiya yoki boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanmasa, bojxona organi qiymatni mustaqil belgilashi mumkin. To‘lovdan qochib bo‘lmaydi — har bir holat yuzasidan aniq qoidalar joriy etilgan.

Xususiylashtirilayotgan stomatologiya poliklinikalari

2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi barcha davlat stomatologiya poliklinikalari sotuvga qo‘yiladi. Prezident farmoniga muvofiq, ushbu muassasalarning 100 foiz ulushi ommaviy savdoga chiqariladi.

Ro‘yxatga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari, Toshkent viloyati va poytaxtdagi 30 dan ortiq bolalar va kattalar stomatologiya muassasalarini qamrab oladi.

Bunday qaror stomatologiya sohasida raqobatni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va davlat xarajatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilingan. Tibbiy xizmatlar xususiy sektorga o‘tish orqali ko‘proq sarmoya jalb qilinishi va xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaxshilanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid