Kashmirda qurolli hujum oqibatida o‘nlab sayyohlar halok bo‘ldi
Guvohlar turistlarga harbiy formada bo‘lgan bir necha kishi hujum qilganini aytmoqda. Ular voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: The Hindu
Kashmirning Hindistondagi qismida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhini o‘qqa tutdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 26 kishi halok bo‘lib, 17 kishi yaralangan.
Hindiston matbuotiga ko‘ra, qurbonlarning ikki nafari xorijliklar – Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari bo‘lgan, yana ikki nafari – mahalliy aholi vakillari, qolganlar esa mamlakatning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlar edi.
Fojia ro‘y bergan Pahalgam regioni – sayyohlar orasida mashhur joylardan sanaladi. U Hindiston ham, Pokiston ham da’vo qiladigan, rasman hind hukumati nazoratidagi bahsli hududda joylashgan. Hududdagi aholining aksar qismi musulmon diniga e’tiqod qiladigan kishilar.
Hujum Baysaran vodiysida amalga oshirilgan – bu Pahalgamdagi asosiy yo‘lning bir tomonida joylashgan o‘tloq joy hisoblanadi. Bu hududni Hindiston Shveytsariyasi deb atashadi, bu yerda Bollivudning ko‘plab filmlari suratga olingan. Bu joyga faqat piyoda holda yoki vertolyotda yetib olish mumkin.
AFP agentligi otishma ovozlarini eshitgach, voqea joyiga borgan va bir necha yaradorni otida evakuatsiya qilgan, Vahid ismli mahalliy gid bilan gaplashgan.
U yerda yotgan bir necha jasadlarning ustidan chiqqanini aytib bergan.
Guvohlarning aytishicha, turistlarga harbiy formada bo‘lgan bir necha kishi hujum qilgan. Ular voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Hindiston kuchishlatar tuzilmalari hududni qurshovga olgan, o‘t ochgan shaxslarni qidirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Hujum uchun javobgarlikni u qadar taniqli bo‘lmagan «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan. Ushbu guruh ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida regionga 85 mingdan ortiq «begonalar» kelib o‘rnashgani, bu esa «demografik o‘zgarishlar»ni yuzaga keltirgani haqida yozgan. Guruh shu tufayli regionga «noqonuniy kelib joylashishga uringanlar»ga nisbatan kuch ishlatilishi bilan tahdid qilgan.
Region rahbari Oman Abdulla X ijtimoiy tarmog‘ida qurbonlar soniga aniqlik kiritish ishlari davom etayotganini aytib, tez orada yakuniy ma’lumot berilishini aytgan.
«Shubhasiz, bu so‘nggi yillarda tinch aholiga nisbatan qilingan eng katta hujum», — deya qayd etgan u.
Avvalroq u hissiyotlarga to‘la post yozib, unda «qalbining tub-tubidan larzaga kelgani»ni tan olgandi.
«Mehmonlarimizga qilingan bu hujum — haqiqiy vahshiylik. Bu teraktni sodir etganlar — odamlar emas, faqat nafratga loyiq bo‘lgan hayvonlardir. Buni ta’riflashga so‘z yetmaydi», — degandi Abdulla.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hodisani terrorchilik hujumi deb atab, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirgan va terrorizmga qarshi kurashda qat’iyat yanada kuchaytirilishini va’da qilgan.

Reuters agentligi qayd etishicha, 1989 yildagi hindlarga qarshi qo‘zg‘olondan so‘ng qurolli guruhlar ko‘pincha sayyohlar va ziyoratchilarga hujum qilishgan, ammo so‘nggi yillarda bunday holatlar soni kamaygandi. So‘nggi yirik aksiya o‘tgan yilning iyun oyida o‘tkazilgan. Qo‘poruvchilik harakati natijasida o‘shanda hind ziyoratchilari bo‘lgan avtobus chuqur daraga tushib ketgan, kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lib, yana 33 kishi yaralangandi.
Hindistondagi hukmron partiya rahbari Ravinder Rayna hujumda pokistonlik jangarilarni ayblab, ularni va ularga yordam berganlarni topib, jazolashga va’da berdi.
2016-2018 yillarda Jammu va Kashmir shtati rahbari bo‘lgan, hozirda Jammu va Kashmir Xalq demokratik partiyasini boshqarayotgan Mehbuba Mufti ham hujumni qoralab, aybdorlarni javobgarlikka tortish va xavfsizlik tizimidagi ehtimoliy kamchiliklarni aniqlash uchun chuqur tergov o‘tkazishga chaqirdi.
«Mehmonlarimiz xavfsizligi — birinchi o‘rinda, kelgusida bunday hujumlarning oldini olish choralari ko‘rilishi zarur», — degan u.
Kashmir mintaqasi — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi bahsli hudud. Nyu-Dehli Islomobod mintaqadagi ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab keladi. Pokiston esa ayblovlarni rad etadi. Hindiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil aprelidan beri Kashmirda yuz bergan hujumlar oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan.
Mavzuga oid

23:43 / 23.04.2025
Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilar haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qilindi

18:19 / 23.04.2025
AQShda terrorizmda gumonlanib hibsga olinganlar soni 655 foizga oshdi

08:12 / 23.04.2025
Shavkat Mirziyoyev Kashmirdagi terakt munosabati bilan Hindiston rahbariyatiga ta’ziya bildirdi

16:11 / 17.04.2025