Jahon | 08:55
4383
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya noqonuniy migrantlarga o‘z holatini qonuniylashtirish muhlatini uzaytirishi mumkin

Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan migrantlar 2025 yil 30 aprelga qadar mamlakatni mustaqil ravishda tark etishi yoki holatini qonuniylashtirishi kerak edi. Endi bu muhlat sentabrgacha uzaytirilishi mumkin.

Foto: Belkin Alexey/news.ru/Globallookpress

Rossiya noqonuniy migrantlar holatini qonuniylashtirish muddatini 2025 yil 10 sentabrgacha uzaytirishga rozi bo‘ldi, deb xabar berdi Qirg‘iziston TIV. Dastlab xorijliklar hujjatlar bilan bog‘liq muammolarni 30 aprelgacha hal qilishi belgilangan edi.

«Rossiya tomoni Rossiya Federatsiyasida noqonuniy yashayotgan barcha chet elliklar o‘z huquqiy maqomini tartibga solish muddati uzaytirilishini e’lon qildi. Migrantlarga 10 sentabrgacha ichki ishlar organlariga kelishi va zarur hujjatlarni taqdim etishiga ruxsat beriladi», deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Moskva Qirg‘iziston rasmiylari iltimosiga ko‘ra shunday qarorga kelgan. Bishkek qirg‘izistonlik migrantlar o‘z holatini qonuniylashtirish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Noqonuniy migrantlarning Rossiyada bo‘lishini tartibga solish bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmon 2024 yil dekabr oyida qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan migrantlar 2025 yil 30 aprelga qadar mamlakatni mustaqil ravishda tark etishi yoki holatini qonuniylashtirishi kerak.

Farmonda belgilanishicha, o‘z holatini qonuniylashtirmoqchi bo‘lgan migrantlarga shaxsiy biometrik ma’lumotlarini topshirish, narkotik yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilmaganini, OITS yoki tegishli ro‘yxatdagi boshqa yuqumli kasalliklarga chalinmaganini tasdiqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzni o‘z ixtiyori bilan to‘lash, patent, mehnat qilish, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma, o‘qish yoki yashash uchun ruxsatnoma berishni rad qilish uchun asos yo‘qligini isbotlash va boshqa talablar qo‘yilgan.

Mavzuga oid