O‘zbekiston | 13:29
4056
11 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning garovida qolayotgan soha. Maqbullashtirish jarayonidagi bedodliklar – uch fermer misolida

Yeri tortib olingan fermer, qonunbuzarlikdan qo‘rqmaydigan hokim, nazar-pisand qilinmayotgan sud qarorlari, tomoshabin rolidagi MIB va prokuratura. O‘zbekistonning turli hududlaridan Kun.uz studiyasiga kelgan uch fermer boshdan kechirganlarini so‘zlab berdi. “Maqbullashtirish jarayonidagi qonunbuzarliklar ommaviy tus olgan”, deydi Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov.

“Boydavlet ota baraka” f/x rahbari Meyrmanqul Umrzoqov (Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani):

– 2019 yili maqbullashtirish paytida mening va o‘g‘limning fermer xo‘jaligimizni noqonuniy ravishda olib qo‘yishdi. Hatto yerimiz olib qo‘yilganini bilmay ham qolganmiz, bexabar qolganmiz. Odamlardan eshitdik: “yerlaringizni olib qo‘yishdi”, deyishdi. Shundan keyin men sudga murojaat qildim. Tuman ma’muriy sudida sud bo‘ldi. Keyin viloyatda. Viloyatda bizni Fermerlar kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov himoya qildi. Sudda yutuqqa erishdik. Sud qarori 2019 yilda kuchga kirgan, olti yil o‘tgan bo‘lsa-da, shu kungacha ijrochilar tomonidan bajarilmay kelyapti. Qarorni bajarmaslik uchun menga kuch ishlatishdi, davolanib ham chiqdim. Hamma yoqqa murojaat qildim bir necha martalab. Idoralar bir-biriga solib kelyapti.

Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov:

– 2019 yil 9 yanvarda hukumatning 14-sonli qarori qabul qilindi. Shu qaror asosida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari maqbullashtiriladigan bo‘ldi. Qarorni ta’minlash jarayonida ko‘plab qonunbuzarliklar sodir etildi. 2019 yilning 12 yanvarida Yuqori Chirchiq tumani hokimi tomonidan ota-o‘g‘il fermerlarning yer ijarasi shartnomasini bekor qilib, yerni noqonuniy ravishda zaxiraga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Biz bu fermer xo‘jaligining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudlarga ariza berganimizdan keyin 2020 yil 20 fevral kuni Chirchiq shahar ma’muriy sudi tomonidan o‘sha tuman hokimining 192 va 196-sonli qarorlari haqiqiy emas deb topildi. Qonuniy manfaatlar tiklandi. Biroq tuman hokimligi tomonidan bu sud qaroriga nisbatan reaksiya bildirilmadi. O‘zlarining o‘sha “haqiqiy emas” deb topgan qarorlarini bekor qilmadi.

Mazkur sud qarorini bajarmagani yetmaganidek, yana bir qaror chiqarib, yerning yarmini boshqa bir MChJga bergan. 2020 yil 19 sentabr kuni esa yana bir qaror qabul qilib, boshqa bir mas’uliyati cheklangan jamiyatga ikkinchi yarmini xomtalash qilib berib yuborgan. Sud qarorlarini qasddan mensimagan va bajarmagan. Bu qarorga nisbatan ham biz ma’muriy sudga ariza kiritdik. Tuman hokimining bu qarorini ham haqiqiy emas deb topdirdik. Jami to‘rtta ma’muriy sudning to‘rtta hal qiluv qarorini bajarmasdan kelyapti bu hokimiyat. Mazkur MChJlarni yerdan majburiy tarzda ko‘chirib chiqarish bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza berildi. Sud majburiy tarzda ko‘chirish haqida qaror qabul qildi. Lekin bu qarorlar hozirgi kunga qadar bajarilayotgani yo‘q.

“Yasanboy Adolat” f/x rahbari Azimboy Ibodullayev (Xorazm viloyati Xonqa tumani):

– Fermer xo‘jaligimda 48 gektar yer bor. 2018 yilda 116 tonna paxta va boshqa ekinlar yetishtirib topshirdim, xususan achchiq qalampir yetishtirib topshirdim, eksportga ham mahsulotlar chiqardim. Lekin Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid ravishda Xonqa tuman hokimi yerimni nohaq ravishda boshqa fermer xo‘jaliklariga bermoqchi bo‘lgan. Men ma’muriy sudga shikoyat qildim. Sud qarorni bekor qildi. Shundan beri har xil bahonalar topib, yerlarimga o‘zgalar ega chiqishyapti, tuman hokimi “yerlaringizni bermaymiz” deb, yerdan foydalanishga monelik qilyapti. “Sud qarori bizga yetib kelmadi”, deydi, masalan...

Shu davr mobaynida men Prezident administratsiyasiga murojaat qildim. Rahmatullayev degan inson keldi. Shaxsan hokim bilan uchrashdi, hokimni chaqirib turib, 234-moddaga ko‘ra ish qo‘zg‘atilishini aytdi, ammo ketganidan keyin hokim o‘z bilganini yana qilaverdi. Ombudsmanga murojaat qildim. Javob bermadi. Hokim javob bersin deb yozdi.

Chorixon Qodirov:

– Bu fermerning yer maydonlari o‘sha hukumatning 2019 yil 9 yanvarda 14-sonli qarori ijrosi jarayonida, ya’ni maqbullashtirish o‘tkazish vaqtida noqonuniy bosib olingan, ammo ma’muriy sudlar tomonidan tuman hokimining harakati noqonuniy deb topilgan.

Bu kishining qonuniy manfaatini tiklagan sudning qarori bilan noqonuniy egallab turgan yer maydonlaridan o‘zga bir fermerni majburan ko‘chirib chiqarish to‘g‘risida 6 dekabr 2024 yildagi Oliy sudning qarori mavjud. Ammo qaror bejarilmayapti.

“Do‘rman omad nuri” f/x rahbari Oltin Sottiyeva (Buxoro viloyati Qorako‘l tumani):

– 2006 yilda fermer xo‘jaligini tashkil qilib, rahbarlik qilib kelmoqdaman. Xo‘jaligimni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirganman: paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, chorvachilikdan iborat fermer xo‘jaligimda jami 226 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 80 gektarida g‘alla, 37 gektarida paxta, 42 gektarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiraman, 14 gektarida intensiv bog‘ barpo qilganman, qolgan qismi yaylov yerlaridan iborat. Muntazam ravishda paxta-g‘alla rejalarini bajarib kelib, ilg‘or fermer degan unvon olganman.

Tuman hokimi o‘z mansabidan foydalanib, yerimni olib qo‘yish uchun bir qancha tazyiqlar o‘tkazdi. Bo‘lar-bo‘lmas vajlar bilan fermer xo‘jaligimni noqonuniy tarzda olib qo‘ydi.

Chorixon Qodirov:

– Haqiqatan ham, Qoraqo‘l tuman hokimi hukumatning yana o‘sha 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qaror ijrosini ta’minlash jarayonida bu fermerning haq-huquqini poymol qilgan. Biz esa qonuniy yo‘l tutdik: Fermerlik kengashiga berilgan vakolat doirasidan kelib chiqib, ma’muriy sudga ariza kiritdik. O‘sha paytda bu kishida ikki fermer xo‘jaligi bor edi. Hokim tomonidan qabul qilingan noqonuniy qarorlarni sud haqiqiy emas deb topib, bu kishining qonuniy manfaatini tikladi.

Ammo bu fermerning qonuniy manfaati tiklangunga qadar, yer maydoniga kirgunga qadar 2-3 yil davomida zarar ko‘rdi, foydasini boy berib qo‘ydi. Biz bu fermer ko‘rgan zarari va boy berilgan foydani o‘ndirish bo‘yicha iqtisodiy sudga ariza kiritdik. Murojaatimiz qondirilib, Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 12 dekabr 2021 yilda qaror qabul qilindi. Mana ikki yarim yil bo‘lyapti, sud qarori ijrosi bajarilmayapti. Hokimlik 606 million so‘m pul mablag‘ini to‘lab bermaslik maqsadida bu fermer xo‘jalikning ildiziga bolta urish payida bo‘lib keldi. Turli xil ko‘rinishda: suv bo‘yicha janjal chiqarishadi, fermerni guruh bo‘lib kaltaklashadi, belini ham sindirishdi. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishda rad qilish to‘g‘risidagi qarorni olib qaraydigan bo‘lsangiz, jinoyat yashirib ketilganini ko‘rasiz. Qanday qilib bo‘lmasin tuman hokimligi 606 million so‘mni to‘lamasin.

Bu ishlarning negizida nima yotibdi? 2009 yil 9 yanvarda hukumatning 14-sonli "maqbullashtirish" haqidagi qarori qabul qilingan edi. Shu qarorning ijrosini ta’minlash jarayonida butun respublika bo‘yicha barcha tuman hokimliklari tomonidan g‘irromliklarga yo‘l qo‘yildi. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yildi. Men bu gapni faktlarga asoslanib gapiryapman.

Qaysi tuman ma’muriy sudiga yoki iqtisodiy sudiga bormang, albatta, o‘sha hukumatning 14-sonli qarorining ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan maqbullashtirishdan norozi bo‘lgan ariza yoki da’vo ishlari mavjud. Oliy sudda ham shu holat. Ijtimoiy tarmoqlarda bizni ko‘rib turgan sudyalar buni biladi. Ishlar pachka-pachka bo‘lib ketgan. Arxivlarga ham qarasangiz, pachka-pachka bo‘lib ketgan. Mana shu ishlar fermer xo‘jaliklarimizning qonuniy manfaatlariga putur yetkazdi. 2009 yilda hukumatning protokoli bilan o‘tdi maqbullashtirish, 2012 yilda hukumatning protokoli bilan ikkinchisi o‘tdi, 2015 yilda ham xuddi shunday maqbullashtirish o‘tdi, 2017 yilda ham.

Hukumatning shunday qarorlarini tuman hokimliklarimiz “bizga Xudo berdi” deb qabul qildi, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalarini noqonuniy tarzda zaxiraga olib, noqonuniy qarorlar bilan olinib, boshqalarga berildi.

Oxir-oqibat nima bo‘ldi? Juda ko‘plab fermer xo‘jaliklari jizg‘anak bo‘lib kuyib qoldi. Ayrimlari yer maydonlari kimga qancha qo‘shilib ketgani haqida ma’lumotga ega bo‘lmasdan, yilning oxiriga qadar ishlab keldi. Yilning yakuniga kelib: “Kechirasiz, sizning yer maydonlaringiz maqbullashtirish vaqti yanvar oyida boshqa fermer xo‘jaliklariga qo‘shilib ketgan ekan”, deyilgandan keyin tuman hokimligiga kelganda, “murojaat qilish muddatini o‘tkazib qo‘yibsiz”, degan gaplarni eshitgan.

Hokimliklar yo‘l qo‘ygan qonunbuzarliklarni juda ko‘plab sudyalarimiz haspo‘shladi. Bunga qo‘limizda dalilimiz, faktlarimiz bor.

Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunda davlat fermer xo‘jaliklarining ishiga aralashmaydi degan qoida bor. Qani u? Aralashmayaptimi? Hukumatning 505-sonli qarori bo‘yicha fermer “men shu, shu ekinlarni ekaman” deb taklif bersa, rad etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi bo‘limlari va boshqarmalari o‘z bilganlaricha ekinlarni joylashtirib yuborishmoqda. Mana kuni kecha fermer xo‘jaliklarimizdan murojaat tushdi. 505-sonli qaror talabi bo‘yicha almashib ekish uchun gektarga makkajo‘hori ekaman degan, fermer xo‘jaligining bu taklifiga nisbatan hech qanday munosabat bildirishmabdi, qaror talabidan kelib chiqib rad javobi ham berilmagan.

Shokir Sharipov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid