22 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Namangan shahri hokimining qoidabuzar xizmat avtomobili, Haj va Umra uchun yagona portal, qimmatlashayotgan oltin va pasaytirilgan bojsiz limitga izoh — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Hokim xizmatidagi mashina 47 marta qoida buzgan
Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev Namangan viloyati IIB YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyevga rasmiy xat bilan murojaat qilib, shahar ko‘chalaridan belgilangan me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘ragan edi.
Hokim o‘z xatida noqonuniy o‘rnatilgan radarlar aholida norozilik kayfiyati ortishiga sabab bo‘layotgani keltirilgan.
Biroq viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayevning radarlar bo‘yicha yo‘llagan ushbu xatiga javob berar ekan, Namangan shahar hokimining xizmat mashinasi 47 marta harakat qoidalarini buzganini ma’lum qilgan.
Mansur Gaziyevning javob xatida aytilishicha, shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklariga tegishli mashinalardan to‘lanmagan va muddati o‘tgan jarimalar yig‘ilib qolgan. Xususan, hokimga biriktirilgan Captiva xizmatidagi mashina 8 mln so‘mlik 11 ta jarimani to‘lamagan.
Gaziyev hokimdan ushbu qoidabuzarliklarni muhokama qilish va jarimalarni undirishda amaliy yordam so‘ragan.
Hokimlik esa bu jarimalar talabga zid o‘rnatilgan radarlardan kelganini bildirib, ba’zilarini sud orqali bekor qilishga harakat qilayotganini bildirdi.
Haj va Umra uchun yagona portal
O‘zbekistonda fuqarolarning ibodat huquqini yengillashtirish maqsadida Haj va Umra ziyoratlarini elektron nazorat qiluvchi yagona portal ishlab chiqiladi. Prezident farmoniga asosan, portal 2025 yil 1 sentabrgacha ishga tushiriladi.
Ushbu platforma orqali hajga boruvchilar uchun yagona elektron navbat, Umra ziyoratiga yo‘l oluvchilar uchun esa elektron ro‘yxat shakllantiriladi. Barcha ma’lumotlarni yig‘ish, rasmiylashtirish va boshqarish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Portalga barcha davlat va xususiy idoralar ma’lumot tizimlari integratsiya qilinishi lozim. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita portalni moliyalashtirish, texnik qo‘llab-quvvatlash hamda barcha tashkilotlar uchun foydalanish imkonini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni maktab ta’limi va pedagoglar tayyorlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ta’lim islohotlari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Taqdimotda Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Milliy pedagogika universitetini tashkil qilish taklif etildi. U barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygohga aylanadi.
Yangi O‘zbekiston universitetida talabalar 24,3 mlrd so‘mlik grant jalb etgan. U yerda muhandislik, sun’iy intellekt va tibbiyot kabi yo‘nalishlar rivojlantiriladi. Germaniya tajribasi asosida zamonaviy universitet klinikasi tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Bu yil 233 maktabda o‘quvchilar PISA xalqaro baholash dasturiga jalb qilinadi. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 58 ta maktab quriladi.
Oltin narxi qariyb 1,5 million so‘mga yetdi
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi 1 gramm uchun 1 mln 454 ming so‘mdan oshdi. Markaziy bank 21 aprelda ushbu rekord narxlarni e’lon qildi. Bu yil boshiga nisbatan 25 foizga yuqoriroq ko‘rsatkich sanaladi.
Jahon bozorida ham oltin qimmati rekord darajaga yetib bormoqda. Bir troya unsiyasi uchun narx 3400 dollarga yaqinlashdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning Federal rezerv siyosatiga tanqidi va global noaniqliklar fonida yuz berdi.
O‘zbekistonda esa 5, 10, 20, 50 va 100 grammli tilla quymalari sotuvda mavjud. Masalan, 10 grammli tilla quymasi narxi 14,5 mln so‘mdan oshib ketdi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, oltin quymalarining narxi xalqaro bozordagi o‘zgarishlarga qarab har kuni qayta ko‘rib chiqiladi. Bu esa uning strategik investitsiyaviy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Bojsiz limit nega pasaytirilganiga izoh berildi
1 maydan O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun bojsiz limit sezilarli pasaydi. Samolyotda kelayotganlar uchun cheklov 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezddagi yo‘lovchilar uchun esa 1000 dollardan 500 dollarga tushirildi. Kuryyerlik orqali esa endi oyiga faqat 200 dollarlik tovar bojsiz olib kirilishi mumkin.
Bojxona qo‘mitasi buni «tashmachilik» — ya’ni yirik tovarlarni mayda partiyalarda olib kirish holatlari ko‘paygani bilan izohladi. Bayonotga ko‘ra, ayrim fuqarolar bir oyda 100 martagacha chegarani kesib o‘tgan va yuzlab kilogramm tovarlarni shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida hech qanday boj to‘lamasdan O‘zbekiston hududiga olib kirgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarga tijorat maqsadida boruvchi yo‘lovchilar va ular tomonidan sodir etilgan xuquqbuzarliklar soni so‘nggi yillarda karrasiga oshib bormoqda.
Iqtisodchilar esa bunga sabab sifatida yuqori bojlar, «mahalliylashtiruvchilar» manfaati va sun’iy monopoliyalarni ko‘rsatmoqda. Ular tijorat emas, erkin raqobat uchun sharoit yaratishni taklif qilmoqda.
Mavzuga oid

22:55 / 21.04.2025
21 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:39 / 18.04.2025
18 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:37 / 17.04.2025
17 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:07 / 16.04.2025