Jahon | 22:13 / 21.04.2025
948
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh va Eron yaxshi muzokaralar o‘tkazdi

Rimda Tehron va Vashington vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan keyin Eron prezidenti ofisi AQSh bilan yadroviy bitimni imzolashga tayyor ekanini bildirdi.

Foto: Reuters

Donald Tramp AQSh Eron bilan «juda yaxshi» muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Tehron bilan muloqotning yakuni qanday bo‘lishi aniq emasligini qo‘shimcha qildi.

«Eron bo‘yicha juda yaxshi uchrashuvlar o‘tkazdik. Ko‘ramiz, bundan nima chiqadi. Keyingi qadam uchun bizga biroz vaqt kerak, ammo Eron bo‘yicha uchrashuvlarimiz juda yaxshi», — deydi Donald Tramp jurnalistlarga.

Eron prezidenti ofisining ma’lum qilishicha, Tehron Vashington bilan milliy manfaatlarga rioya qilingan holda, yadroviy bitimni imzolashga tayyor. «Agar ular biz bilan teng shartlarda bitim tuzishni istamasa, biz o‘z yo‘limizdan ketishni davom etamiz», — deyiladi xabarda.

19 aprel kuni Rimda AQSh va Eron vakillari o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi atrofidagi inqirozni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda delegatsiyalar boshqa masalalar qatori atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish imkoniyatini ham muhokama qildi.

Avvalroq AQSh Eron bilan yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralar doirasida Tehron o‘zining yuqori boyitilgan uranini uchinchi davlat — masalan, Rossiyaga topshirishini taklif qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid